Rossiya Tergov qo‘mitasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, sunʼiy intellekt, VPN-servislar va proksi-serverlardan foydalangan holda sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirishni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Bu haqda qo‘mita raisi Aleksandr Bastrikin “Interfaks” agentligiga bergan intervyusida maʼlum qildi.

Qo‘mita rahbarining taʼkidlashicha, Rossiya Jinoyat kodeksiga AKT va SI texnologiyalaridan foydalangan holda jinoyat sodir etishni jazoni og‘irlashtiruvchi yangi holat sifatida kiritish taklif etilmoqda. Garchi amaldagi qonunchilikda VPN va proksi kabi ayrim dasturiy vositalardan foydalanish qisman tartibga solingan bo‘lsa-da, ulardan jinoiy maqsadlarda foydalanganlik uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi yagona, universal norma hanuzgacha mavjud emas.

Bastrikinning aniqlik kiritishicha, mazkur texnologiyalar asosan kiberfiribgarlik, terrorizm, ekstremizm, maʼlumotlarning noqonuniy aylanmasi va muhim axborot infratuzilmasiga tajovuz qilish kabi jinoyatlarda qo‘llanilmoqda. Shu bilan birga, u mazkur qonun loyihasi fuqarolarning gadjetlar yoki tarmoq texnologiyalaridan oddiy maqsadlarda foydalangani uchun jazolashni nazarda tutmasligini alohida qayd etdi.

Maʼlumot o‘rnida, joriy yilning 27 iyul kuni Bastrikin Tergov qo‘mitasining o‘zi ham jinoyat ishlarini tergov qilish jarayonida sunʼiy intellekt va zamonaviy IT-yechimlardan faol foydalanayotganini bildirgan edi. Uning qayd etishicha, bu kabi texnologiyalar katta hajmdagi maʼlumotlar bilan samarali ishlash, raqamli izlarni topish va tahlil qilish, shuningdek, gumonlanuvchilarning qidiruv portretlarini shakllantirish imkonini beradi. Masalan, ixtisoslashtirilgan dasturiy taʼminot yordamida o‘tkazilgan tadqiqot umumiy hajmi 2 terabaytdan oshadigan 3000 ta videofayl orasidan qisqa muddat ichida 400 dan ziyod shaxsni aniqlashga yordam bergan.

Shunga qaramay, Tergov qo‘mitasi rahbari avvalroq (15 fevral kuni) jinoyat ishi doirasida SI tomonidan bajarilgan ishning yakuniy tahlili va natijalarini baholash jarayonini doimo inson amalga oshirishini taʼkidlagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tergov jarayonida sunʼiy intellekt faqatgina yordamchi va qo‘shimcha vosita vazifasini bajaradi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan