OpenAI o‘zining navbatdagi Astra modelining ichki versiyasi yordamida olingan o‘nta matematik natijani taqdim etdi. Ushbu tizim ko‘p o‘lchovli geometriya va guruhlar nazariyasidan tortib, kvant murakkabligi va kriptografiyagacha bo‘lgan sohalarda olimlar uzoq vaqt bosh qotirgan ochiq matematik va nazariy informatika muammolarini yechishga yoki ularni hal qilishda sezilarli yutuqlarga erishishga muvaffaq bo‘ldi. Oradan bir kun o‘tiboq, Anthropic tadqiqotchisi ommabop Claude modelidan foydalanib, 24 soatdan kamroq vaqt ichida ushbu muammolarning beshtasini mustaqil hal qila olganini maʼlum qildi.
OpenAI o‘z press-relizida taʼkidlashicha, tanlangan muammolarning aksariyati bo‘yicha kamida o‘n yildan beri jiddiy siljish kuzatilmagan edi. Eʼlon qilingan natijalar qatorida nosofik (non-sofic) guruhlar mavjudligining isboti, Konn (Connes) qatʼiylik gipotezasining yechimi hamda sferalarni joylashtirish, kodlash nazariyasi, arifmetik sxemalar murakkabligi, kvant hisoblashlari va ekstremal kombinatorika sohasidagi yangi natijalar bor.
Natijalar Astra modelining ichki versiyasi yordamida olingan. Kompaniya Sol API orqali yechimlarni topish xarajatini 2000 dollarga baholadi. Model dalillarni yaratgach, olimlar ilmiy qo‘lyozmalarni tayyorlagan, model esa o‘z navbatida isbotlarni rasmiy Lean tiliga o‘girishga yordam bergan. Shu bilan birga, OpenAI Astra modelining texnik tafsilotlarini va uning ommaga taqdim etilish sanasini oshkor qilmadi.
OpenAI bayonoti eʼlon qilinganidan bir sutka ham o‘tmay, Anthropic tadqiqotchisi Levent Alpyoge (Levent Alpöge) ommabop Claude Fable modelidan foydalangan holda va internetga ulanmasdan turib, ayni shu matematik muammolarning beshtasini yecha olganini xabar qildi. Ular orasida arifmetik sxemalar murakkabligi, kvant parallel takrorlanishi va eng yaqin vektor haqidagi masalalar ham bor.
Maʼlumot o‘rnida, Alpyoge avval ham matematik tadqiqotlar uchun sunʼiy intellektdan (SI) foydalangan. Iyul oyida u Claude Fable 5 yordamida 87 yillik Yakobian (Jacobian) gipotezasini rad etishga muvaffaq bo‘lganini aytgan edi – bu natija keyinchalik mustaqil tekshiruvdan o‘tkazilgan. Bundan tashqari, OpenAI ham o‘z modellarining matematikadagi imkoniyatlarini doimiy ravishda namoyish etib keladi: may oyida kompaniya eʼlon qilinmagan modellaridan birini sinovdan o‘tkazish chog‘ida Erdyoshning (Erdős) turli masofalar soni haqidagi gipotezasi SI tomonidan inkor etilganini maʼlum qilgan edi.
Xulosa o‘rnida OpenAI matematik isbotlar yarata oladigan SI tizimlarining paydo bo‘lishi mualliflik masalasiga yangicha yondashuvlarni talab qilishini taʼkidladi. Kompaniyaning fikricha, SI tomonidan yaratilgan isbotni to‘laligicha insonga nisbat berish noto‘g‘ri, chunki bu ham modelning, ham tadqiqotchining hissasini noxolis ko‘rsatadi. Shu munosabat bilan, OpenAI ilmiy hamjamiyatni eʼlon qilingan ishlarni o‘rganishga, taklif etilgan g‘oyalarni tekshirishga va ulardan yangi kashfiyotlar uchun asos sifatida foydalanishga chaqirdi.