Baʼzi tahlilchilar 2025 yilni sunʼiy intellekt agentlari yili deb atashmoqda. Bu shaxsiylashtirilgan raqamli yordamchilar foydalanuvchilar bilan muloqot qilish, tadqiqotlar o‘tkazish, maʼlumot to‘plash, kontentni boshqarish va boshqa ko‘plab vazifalarni bajarishi mumkin. Bernstein tahlilchilarining taʼkidlashicha, “agar sunʼiy intellekt agentlari haqiqatan ham foydali bo‘lib qolsa, internet zulmatga cho‘kadi”.

To‘g‘ri, veb-sayt va ilovalar yo‘q bo‘lib ketmaydi, lekin isteʼmolchilar ularga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish o‘rniga, “agregatorlar agregatori”ga aylanadigan sunʼiy intellekt yordamchisi orqali maʼlumot, kontent va vidjetlarga kiradigan bo‘ladi, deyishmoqda tahlilchilar. Masalan, agar sunʼiy intellekt agenti taksi chaqira olsa, foydalanuvchilarga sayohatga buyurtma berish uchun maxsus ilovani ochishga hojat qolmaydi, deb taʼkidlashmoqda ular.
Foydalanuvchilarni ifodalovchi sunʼiy intellekt agentlari texnologik kompaniyalarning isteʼmolchilar bilan aloqa o‘rnatishi uchun yangi to‘g‘ridan-to‘g‘ri kanal bo‘ladi. Qolgan barcha xizmat ko‘rsatuvchilar ushbu yangi raqamli shlyuz orqali yo‘naltiriladi va ehtimol, Google qidiruv reklamasidan, Apple esa App Store‘dagi komissiyalardan daromad olganidek, ular ham maʼlum to‘lovlarni amalga oshirishlari kerak bo‘ladi, deb yozmoqda Business Insider.
Yirik texnologir kompaniya va startaplar allaqachon sunʼiy intellekt bozorining ushbu istiqbolli segmentini nazorat qilish uchun kurashni boshlab yuborishgan. Yanvar oyi oxirida OpenAI Operator nomli sunʼiy intellekt agentini taqdim etdi. U veb-brauzerdan foydalanib, foydalanuvchilar nomidan harakatlarni amalga oshiradi, masalan, chiptalarni bron qilish yoki mahsulotlarni xarid qilish kabi.
Asosiy eʼtiborga molik jihat shundaki, endi o‘zaro aloqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri sunʼiy intellekt agenti va foydalanuvchi o‘rtasida amalga oshiriladi, ilgari esa Google qidiruviga murojaat qilishga to‘g‘ri kelardi. Kelajakda Google OpenAI tomonidan ishlab chiqilayotgan sunʼiy intellekt agentlari ekotizimidagi ko‘plab xizmatlardan biriga aylanib qolishi mumkin.
Albatta, Google raqobatchilar platformasidagi oddiy ilovaga aylanishni istamaydi. O‘tgan yilning dekabr oyida kompaniya Project Mariner deb nomlangan sunʼiy intellekt agentini taqdim etdi. U foydalanuvchi nomidan internetda harakatlarni amalga oshirishga qodir: veb-sahifalarni ko‘rish, tugmalarni bosish va shakllarni to‘ldirish. Bundan oldinroq, oktyabr oyida Anthropic o‘zining Claude 3.5 Sonnet sunʼiy intellekt modeliga klaviatura tugmalari va sichqonchani bosish hamda imo-ishoralarni taqlid qilish orqali har qanday kompyuter dasturlari bilan o‘zaro taʼsir qilish imkonini beruvchi o‘xshash vositani sinov rejimida taqdim etgan edi.
Bundan tashqari, sunʼiy intellekt agentlarini ovoz orqali, masalan, Meta kompaniyasining aqlli ko‘zoynaklari yordamida yoki hatto xayolan – Ilon Maskning Neuralink kabi miya implantlaridan foydalanib boshqarish mumkin bo‘ladi.