Bloomberg agentligi xabar berishicha, Apple va Anthropic dasturchilar uchun kod yozish, tahrirlash va sinovdan o‘tkazishda generativ sunʼiy intellektdan foydalanadigan “vibe-coding” dasturiy platformasini yaratish maqsadida hamkorlik qilishga kelishdi.

Bloomberg maʼlumotlariga ko‘ra, iPhone ishlab chiqaruvchisi dasturiy taʼminotni kompaniya ichida ishlab chiqishni rejalashtirmoqda, biroq uni ommaga taqdim etish yoki etmaslik masalasida hali qaror qabul qilinmagan. Hisobotda aytilishicha, bu tizim Apple Xcode dasturiy taʼminotining yangi versiyasi bo‘lib, Anthropic kompaniyasining Claude sonnet modeliga asoslanadi.
Sunʼiy intellekt sohasidagi saʼy-harakatlarini tezlashtirish uchun Apple hamkorlar tarmog‘idan foydalanayotganga o‘xshaydi. OpenAI‘ning ChatGPT tizimi allaqachon kompaniyaning Apple Intelligence funksiyalariga yordam bermoqda, Google‘ning Gemini tizimi esa kelajakda muqobil variant sifatida qo‘shilishi mumkinligi taʼkidlangan. Endi Anthropic Apple‘ga kompaniya ichida kod yozishda ko‘maklashishi kutilmoqda.
Dasturchilar orasida Anthropic kompaniyasining so‘nggi Claude modellari, ayniqsa Cursor va Windsurf kabi kodlash platformalarida, kodlash vazifalari uchun alohida eʼtibor qozongan.