Matematik Xaver Gomes Serrano Nave-Stoks tenglamasini yechish uchun Google DeepMind olimlar jamoasiga qo‘shildi. Bu Mingyillikning yetti muammosidan biri bo‘lib, uni hal qilgan olimga Kley matematika instituti 1 million dollar vaʼda qilmoqda. Mish-mishlarga ko‘ra, Google DeepMind jamoasi uch yildan beri bu muammo ustida to‘liq maxfiylik sharoitida ishlayotgan va hatto yechimga yaqinlashgan. Bu haqda Braun universitetida dars beruvchi Serrano El Pais nashriga maʼlum qildi. Muammoni hal qilish suyuqlik yoki gazlar harakatini bashorat qilish muhim ahamiyatga ega bo‘lgan barcha sohalarda – gidrometereologiya, aviatsiya, tibbiyot va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda katta yutuq bo‘ladi.

Masala XIX asrning birinchi yarmida ikki matematik, fransuz Anri Nave va irlandiyalik Jorj Gabriel Stoks tomonidan bir-biridan mustaqil ravishda qovushqoq Nyuton suyuqliklarining harakatini tavsiflovchi tenglamalar eʼlon qilinganda shakllangan. Bu tenglamalar gidrodinamikada muhim rol o‘ynaydi va ob-havo hodisalari, aviatsiya parvozlari yoki inson tanasidagi qon harakatini bashorat qilish uchun zarurdir.
Buyuk matematiklar bu masalani yechishga urinib, unga ilmiy faoliyatlarining ko‘p yillarini bag‘ishlaganlar. 2014 yilda Kaliforniya texnologiya instituti olimi Tomas Xou jamoasi muammoni soddalashtirish orqali katta yutuqqa erishdi. Xou guruhi Nave-Stoks tenglamalaridan emas, balki 1752 yilda Leonard Eyler tomonidan qovushqoqliksiz ideal suyuqliklarning harakatini tavsiflash uchun taklif etilgan oldingi versiyadan foydalandi.
Gomes Serrano jamoasi ushbu yechimni aniqlashtirish uchun sunʼiy intellekt usullarini qo‘lladi. Uch yil oldin eʼlon qilingan natijalar ilmiy jamoatchilik tomonidan muammoning yechimi albatta topilishiga ishora sifatida qabul qilindi.
«Nave-Stoks vazifasi nihoyatda murakkab, – deb tan oladi u. – Anʼanaviy matematika yordamida olimlar muvaffaqiyatga erisha olmadilar. Bizning strategiyamiz sunʼiy intellektdan foydalanish bilan boshqalardan farq qiladi. Bu bizning ustunligimiz va u ish berishi mumkin deb o‘ylaymiz. Men optimistik kayfiyatdaman, taraqqiyot juda tez surʼatda bormoqda,» – deydi u. Uning fikricha, yechim besh yil ichida topiladi.
Serranoning o‘zi bu jumboqning yechimi uchun dunyoda faqat uchta guruh jiddiy raqobatlashayotganini taʼkidlaydi: yuqorida tilga olingan kaliforniyalik Tomas Xou; misrlik Tarek Elgindi va AQSHda faoliyat yuritayotgan italiyalik Federiko Paskualotto tashkil etgan tandem; hamda o‘n yildan ortiq vaqt avval Serranoning Madriddagi Matematika fanlari institutida ilmiy rahbari bo‘lgan ispaniyalik Diego Kordoba boshchiligidagi guruh.
Gomes Serrano yaqinda Google DeepMindʼning navbatdagi tarixiy kashfiyoti – murakkab matematik masalalarni yechadigan yangi sunʼiy intellekt tizimi AlphaEvolveʼni yaratishda ishtirok etdi. Terens Tao bilan birgalikda u to‘rt oy davomida dasturni takomillashtirdi va ajoyib natijalarga erishdi: «75% hollarda u eng yaxshi insoniy natijaga teng keladi. Yana 20 foiz hollarda undan ham ustun chiqadi.»
Stenford va Vashington universiteti tadqiqotchilari OpenAI o1-previewʼdan ko‘ra yaxshiroq matematik muammolarni hal qiladigan s1 sunʼiy intellekt modelini ishlab chiqdilar. Ular distillatsiya usulidan foydalanishdi va modelni o‘qitish uchun yarim soatdan kamroq vaqt va 50 dollar sarfladilar.