Yaponiyaning markaziy qismida joylashgan Toyoake shahri aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida yangi tashabbusni ko‘rib chiqmoqda. Mahalliy hokimiyat shahar aholisiga ish va o‘qishdan tashqari vaqtda smartfondan foydalanishni kuniga ikki soatdan oshirmaslikni tavsiya etish rejasini eʼlon qildi.

Taklif etilayotgan hujjat barcha aholiga taalluqli bo‘lsa-da, asosiy eʼtibor bolalarga qaratilgan. Xususan, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun soat 21:00 dan keyin, o‘rta va yuqori sinf o‘quvchilari uchun esa 22:00 dan keyin smartfondan foydalanmaslik tavsiya etilmoqda. Shahar rasmiylariga ko‘ra, cheklovlar bolalarning sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, uyqu sifati va kundalik odatlariga ijobiy taʼsir ko‘rsatishi kutilmoqda. Shu bilan birga, hozircha belgilangan cheklovni buzganlar uchun jarima yoki qonuniy jazo ko‘zda tutilmagan.
Qaror loyihasi 2025 yil 1 oktyabrga qadar shahar kengashi muhokamasiga kiritiladi. Agar kengash maʼqullasa, u shu kunning o‘zida kuchga kiradi. Hozircha tashabbus tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lib, aholi uni qabul qilish yoki qilmaslik huquqiga ega.
Mutaxassislar va mahalliy rasmiylar taʼkidlashicha, kechqurun ekran oldida ko‘p vaqt o‘tkazish uyqu sifatini yomonlashtiradi, asabiylashish va sog‘liq muammolarini keltirib chiqaradi. Shu bois, smartfondan foydalanishni cheklash nafaqat bolalar, balki kattalar uchun ham foydali bo‘lishi mumkin. Shahar vakili quyidagilarni bildirdi: «Biz bu cheklov orqali odamlarga smartfondan qanday foydalanayotganini qayta ko‘rib chiqish imkoniyatini bermoqchimiz. Bu, ayniqsa, farzandlari mobil qurilmalardan ortiqcha foydalanadigan ota-onalar uchun taʼsirchan vosita bo‘lishi mumkin».
Toyoakening bu tashabbusi Yaponiyada anʼanaviy mahalliy hokimiyat vakolatlaridan farq qiladi. Odatda mahalliy organlar shovqin, xavfsizlik va jamoat tartibi kabi masalalarga eʼtibor qaratsa, bu galgi qaror zamonaviy texnologiyalarning aholi turmush tarziga taʼsirini cheklashga yo‘naltirilgan. Umuman olganda, tashabbus ijobiy qabul qilinishi yoki qarshilikka uchrashini vaqt ko‘rsatadi, ammo masala jamiyatda keng muhokamaga sabab bo‘lishi shubhasiz.