“The State of AI and Tech Q2 2025 Industry Report” hisoboti sunʼiy intellekt bozori va global investitsiyalardagi asosiy trendlarni ochib berdi. Maʼlumotlarga ko‘ra, II endi ilmiy yangilik emas, balki butun iqtisodiyotning yetakchi drayveriga aylanmoqda.

Jahon bozorida ulkan o‘sish
2024 yilda sunʼiy intellekt bozori (dasturiy taʼminot, apparat vositalari va xizmatlar) 233 mlrd dollarga baholangan. 2025 yilda 290 mlrd dollardan oshib, 2032 yilga borib 1,77 trln dollarga yetishi kutilmoqda. Bu yillik o‘rtacha o‘sish surʼati (CAGR) taxminan 29% ekanini ko‘rsatadi.
Generativ SI “portlashi”
2023 yilda generativ sunʼiy intellekt (GenAI) sohasiga investitsiyalar 2022 yilga nisbatan 9 barobar ko‘paydi va umumiy xususiy sarmoyalarning chorak qismidan ko‘prog‘ini tashkil etdi. 2024 yilda esa GenAI startaplari soni uch barobarga oshdi.
Geosiyosiy raqobat
AQSH yetakchi sifatida birinchi o‘rinni egallab turibdi: 2024 yilda mamlakatda xususiy investitsiyalar hajmi 109 mlrd dollarga yetdi. Bu natija OpenAI, Microsoft, Google va NVIDIA kabi texnogigantlar hamda venchur kapitalning faol qo‘llab-quvvatlashi bilan bog‘liq.
Xitoy esa ikkinchi o‘rinda. Davlat fondi orqali 8,2 mlrd dollar ajratilgan, shu bilan birga Baidu, Alibaba va Huawei kabi milliy gigantlar yetakchilikni qo‘ldan bermayapti.
Korxonalarda SI joriy etilishi
SI endi sinov emas. SaaS-kompaniyalarning 70% sunʼiy intellekt funksiyalarini taklif etmoqda. Ko‘pgina korxonalar qimmat individual modellar o‘rniga yirik yetkazib beruvchilarning tayyor yechimlarini afzal ko‘rmoqda. Shu bilan birga, 92% kompaniyalar yaqin yillarda SIga investitsiyalarni ko‘paytirish niyatida.
Chiplar va qurilmalarga talab
SI sohasida asosiy sarf xarajatlar qurilmalarga yo‘nalmoqda: 2025 yilda ular umumiy xarajatlarning 80% gacha qismini tashkil qilishi kutilmoqda. Ayniqsa NVIDIA‘ning A100 va H100 grafik protsessorlariga talab ortib bormoqda. Chiplar tanqisligi esa Apple, Google va Amazon kabi korporatsiyalarni o‘z chiplarini ishlab chiqishga undamoqda.
Yangi yo‘nalish – SI agentlari
SI agentlari soha bo‘yicha eng serqirra trendlardan biriga aylanmoqda. Bu segmentdagi startaplar 700 mln dollardan ziyod investitsiya jalb qildi.
Venchur kapitalda SI ustunligi
2025 yilning ikkinchi choragida global venchur moliyalashtirishning 53% aynan SI sohasiga to‘g‘ri keldi. Bu 40 mlrd dollardan ortiq mablag‘ni tashkil qildi — qolgan barcha texnologik yo‘nalishlarni qo‘shib hisoblaganda ham ko‘proq.
Sunʼiy intellekt global iqtisodiyotning yangi asosiy ustuniga aylanmoqda. AQSH va Xitoy yetakchiligi kuchayar ekan, Yevropa, Janubiy Koreya va boshqa mintaqalar orqada qolmaslik uchun yangi strategiyalar ishlab chiqishga va katta sarmoyalar kiritishga majbur bo‘lmoqda.