Yevropa hukumatlari bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash bo‘yicha jiddiy choralar ko‘rishni rejalashtirmoqda. Politico nashrining xabar berishicha, Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen ijtimoiy tarmoqlarga kirish uchun minimal yosh chegarasini belgilash tashabbusini ilgari surdi.

«Yevropa Ittifoqining ko‘plab davlatlari ijtimoiy tarmoqlar uchun ‘raqamli balog‘at‘ vaqti keldi, deb hisoblamoqda. Yetti farzandning onasi va besh nabiraning buvisi sifatida men ham bu fikrga qo‘shilaman,» — dedi u Nyu-Yorkdagi BMT Bosh Assambleyasi doirasidagi chiqishida.
So‘nggi oylarda Gretsiya, Fransiya va Daniya kabi mamlakatlar ijtimoiy tarmoqlarning voyaga yetmaganlar ruhiyatiga salbiy taʼsirini taʼkidlab, yosh cheklovini joriy etishni faol qo‘llab-quvvatlamoqda. Biroq, bunday cheklovni amalga oshirish mexanizmlari siyosatchilar o‘rtasida hamon qizg‘in bahslarga sabab bo‘lmoqda.
Bu masala jahon miqyosida ham dolzarbligini oshirmoqda. Masalan, joriy yil oxirida Avstraliya ayrim ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tish uchun minimal yoshni 16 yosh etib belgiladi.
Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze bilan birgalikda o‘tkazilgan tadbirda so‘zga chiqqan fon der Lyayen, ushbu masalani chuqur o‘rganish va Yevropa darajasida eng maqbul choralarni aniqlash uchun maxsus komissiya tuzilishini maʼlum qildi. Bu esa yaqin kelajakda Yevropa Ittifoqida ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish qoidalari keskin o‘zgarishi mumkinligidan dalolat beradi.