Toshkentda bo‘lib o‘tgan ICT Week doirasidagi “Woman & AI” forumida sunʼiy intellektning (SI) Markaziy Osiyo iqtisodiyoti va davlat xizmatlariga taʼsiri muhokama qilindi. Tadbirda so‘zga chiqqan BAAlik mutaxassis Shayma Kurz SI 2030 yilga qadar jahon iqtisodiyotiga 15,5 trillion dollarlik hissa qo‘shishini prognoz qildi.

Ekspertning qayd etishicha, 2024 yildayoq dunyo kompaniyalarining 75 foizi sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanishni boshlagan, bu o‘tgan yilga nisbatan 20 foizga ko‘pdir. Uning fikricha, yosh aholi, milliy strategiyalarning mavjudligi va jadal rivojlanayotgan iqtisodiyot Markaziy Osiyo hamda Yaqin Sharq mamlakatlariga ushbu sohada yetakchilik qilish uchun noyob imkoniyat yaratadi.
O‘zbekiston ham bu borada faol qadamlar tashlamoqda. Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirovaning maʼlum qilishicha, bugungi kungacha 1,5 mingdan ortiq davlat xizmatchisi sunʼiy intellekt bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan. Yil oxirigacha bu ko‘rsatkichni yana 3 mingga yetkazish rejalashtirilgan.