Google DeepMind kompaniyasi robototexnika sohasida inqilob yasashi kutilayotgan mutlaqo yangi sunʼiy intellekt modellarini namoyish etdi. Gemini Robotics 1.5 va Gemini Robotics-ER 1.5 deb nomlangan ushbu texnologiyalar robotlarga atrof-muhitni shunchaki kuzatibgina qolmay, balki murakkab vazifalarni mustaqil tahlil qilish, rejalashtirish va bajarish imkonini beradi.

Bu ikki model o‘zaro hamkorlikda ishlash uchun yaratilgan. Gemini Robotics 1.5 tizimning «strategik miyasi» sifatida uzoq muddatli vazifalarni aniqlaydi va rejalashtiradi, bunda u vizual maʼlumotlar va tabiiy tildagi buyruqlardan foydalanadi. Uning sherigi Gemini Robotics-ER 1.5 esa asboblar bilan ishlash va belgilangan jarayonni aniq nazorat qilishga ixtisoslashgan “amaliyotchi” vazifasini o‘taydi.
Ushbu yondashuvning o‘ziga xosligi shundaki, rejalashtiruvchi model o‘z xulosalarini oddiy matn shaklida yozib boradi. Bu esa uzoq davom etadigan topshiriqlar paytida xatolarning to‘planib qolishining oldini oladi va robotning harakatlarini yana-da shaffof qiladi.
Yangi texnologiyalarning samaradorligi amaliy sinovlarda ham o‘z isbotini topdi. O‘tkazilgan 15 ta murakkab sinovda modellar o‘zidan avvalgi avlod va hatto GPT-5 variantlaridan ham ustun keldi. Buning asosiy sababi — robotning harakatni boshlashdan oldin vaziyatni tahlil qilish, murakkab topshiriqlarni kichik bosqichlarga bo‘lish va atrof-muhit o‘zgarishlariga tez moslashish qobiliyatidir.
Biroq, texnologiyaning eng hayratlanarli jihati — o‘rganilgan ko‘nikmalarni turli turdagi robotlar o‘rtasida osongina ko‘chirib o‘tkazish imkoniyatidir. Misol uchun, ALOHA 2 robotida o‘zlashtirilgan murakkab harakatlar Apollo yoki ikki qo‘lli Franka kabi butunlay boshqa tuzilishga ega robotlarga har birini alohida qayta o‘rgatmasdan o‘tkazilishi mumkin. Bu esa robototexnikani rivojlantirish jarayonini keskin tezlashtiradi.
Ushbu ilg‘or modellardan endilikda Gemini API yoki Google AI Studio orqali foydalanish mumkin, bu esa ishlab chiquvchilarga yana-da aqlli va moslashuvchan robotlarni yaratish uchun keng yo‘l ochadi.