Xalqaro robototexnika federatsiyasining yangi hisobotiga ko‘ra, 2024 yilda Xitoy korxonalaridagi sanoat robotlarining umumiy soni ikki milliondan oshdi. Bu jahon miqyosidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Taʼkidlanishicha, birgina o‘tgan yilning o‘zida Xitoy zavodlarida qariyb 300 mingta yangi robot ishga tushirilgan. Bu raqam dunyoning qolgan barcha mamlakatlarida o‘rnatilgan robotlarning umumiy sonidan ham ko‘pdir. Taqqoslash uchun, AQSHda bu davrda atigi 34 mingta sanoat roboti o‘rnatilgan.
Tahlilchilarning fikricha, Xitoy nafaqat robotlardan foydalanish ko‘lamini kengaytirmoqda, balki ularni ishlab chiqarish sifatini ham sezilarli darajada oshirmoqda. Bu muvaffaqiyatga hukumatning strategik siyosati va sohaga yo‘naltirilgan yirik sarmoyalar turtki bo‘lmoqda. Rasmiy Pekin mahalliy kompaniyalarni robototexnika, yarimo‘tkazgichlar va sunʼiy intellekt kabi yuqori texnologik yo‘nalishlarda global yetakchilikka erishishga faol rag‘batlantirmoqda.