Financial Times nashrining yozishicha, Nvidia kompaniyasi bosh direktori Jensen Xuang mamlakatlarni o‘z texnologiyalariga tayanib, sunʼiy intellektning “suveren” ekotizimlarini yaratishga chorlamoqda.

Xuang ushbu modelni Yevropa va Yaqin Sharqdan tortib, Yaponiya va Malayziyagacha bo‘lgan davlatlarda ilgari surmoqda. U siyosatchilarning sunʼiy intellekt to‘lqinini nazorat qilish va undan foyda olish istagini qondirish maqsadida mahalliy kompaniyalar bilan strategik hamkorlik aloqalarini o‘rnatmoqda.
Bu strategiya Xuangning Nvidia‘ga asos solganidan beri 30 yil davomida siyosatga deyarli aralashmaganidan keskin farq qiladi. O‘tgan yildan boshlab u kompaniyaning global aloqalarini shaxsan o‘zi boshqara boshlagani kuzatilmoqda.
«Odamlar nafaqat Nvidia‘ga, balki Jensenning shaxsan o‘ziga ham kuchli darajada bog‘lanib qolganini his qila boshladi,» — deydi kompaniya bilan yirik milliy shartnomada ishtirok etgan, ammo ismini oshkor qilishni istamagan rahbarlardan biri.
Xuangning asosiy maqsadi — qiymati 4,4 trillion dollarga teng global mikrosxema bozorini yana-da kengaytirish. Uning fikricha, buning uchun eng yirik va ishonchli mijozlar xususiy texnologiya kompaniyalari emas, balki ulardan ancha katta moliyaviy imkoniyatlarga ega bo‘lgan milliy davlatlardir.