Amazon kompaniyasi sunʼiy intellekt texnologiyalari bilan jihozlangan qurilmalarining yangilangan qatorini namoyish qildi. Ular orasida Ring aqlli qo‘ng‘iroqlari, Kindle elektron kitoblari, Fire televizor moslamalari va uy xavfsizligi tizimlari mavjud.
Nyu-Yorkdagi taqdimotda ko‘rsatilgan barcha gadjetlar fevral oyida ishga tushirilgan Alexa+ sunʼiy intellekt yordamchisi bilan integratsiya qilingan.

Aqlli eshik qo‘ng‘iroqlari
Yangilangan Ring qo‘ng‘iroqlari 2K kamera va 4K sifatida video yozish imkoniyatiga ega bo‘ldi. “Familiar Faces” (Tanish yuzlar) funksiyasi do‘stlar va oila aʼzolarini avtomatik ravishda tanib olishga imkon beradi. Shuningdek, Alexa+ yordamida kuryerlarga ko‘rsatmalar berish yoki yetkazib berish jarayonini nazorat qilish mumkin.
Yana bir qiziqarli yangilik – uy hayvonlarini topish funksiyasi. Agar qo‘shnilardan biri Ring ilovasi orqali o‘z uy hayvoni yo‘qolganini eʼlon qilsa, sunʼiy intellekt boshqa foydalanuvchilarning roziligi bilan yaqin atrofdagi kameralar orqali uni izlashga yordam beradi.
Kindle‘da sunʼiy intellekt
Yangi Kindle Scribe endi yengilroq va tezroq ishlaydi. U sunʼiy intellektga asoslangan qidiruv tizimi va rangli ekran bilan jihozlandi. Endilikda foydalanuvchilar kitob mazmuni haqida qisqacha maʼlumot so‘rashi yoki asar qahramonlari to‘g‘risida savollar berishi mumkin.
Qurilma 11 dyuymli E Ink ekrani, Google Drive va OneDrive bilan integratsiya hamda bloknot funksiyasiga ega. AQSHda uning narxi 499,99 dollardan boshlanadi (Colorsoft versiyasi – 629,99 dollar).
“Aqlli uy” ekotizimi
Fire TV moslamalari ham Alexa+ yordamida yangi imkoniyatlarga ega bo‘ldi: endi filmdagi muayyan sahnani topish yoki kechagi futbol o‘yinining natijasini so‘rash mumkin.
Amazon, Samsung, LG va Google kabi gigantlar barcha uy qurilmalarini yagona tizimga birlashtirib, haqiqiy “aqlli uy” konsepsiyasini ro‘yobga chiqarishga intilmoqda. Taqdimotda namoyish etilgan videoda Alexa foydalanuvchiga uyda sodir bo‘lgan voqealar – bolalarning itni sayr qildirgani, pochta kelgani va hatto axlat qutisi atrofida yenotlar paydo bo‘lgani haqida hisobot beradi.
Amazon qurilmalari bo‘yicha rahbar Panos Panayning so‘zlariga ko‘ra, Alexa+ texnologiyasining asosiy maqsadi – uydagi jarayonlarni “fon rejimida” boshqarishdir. “Maqsadimiz – mahsulotlar insonning turmush tarziga sezdirmasdan moslashishi va hatto siz uyda bo‘lmagan paytda ham foyda keltirishidir”, – deya taʼkidladi u.