Yevropa Ittifoqi sunʼiy intellekt (AI) sohasida AQSH va Xitoyga texnologik qaramlikni qisqartirish hamda raqamli suverenitetni mustahkamlashga qaratilgan yangi strategiyani ilgari surmoqda. Bryussel, geosiyosiy raqobat kuchaygan bir paytda, texnologiyalarning “qurolga aylanishi” mumkinligidan ogohlantirmoqda.

The Financial Times nashri qo‘lga kiritgan Yevropa Komissiyasi loyihasiga ko‘ra, yangi tashabbus xavfsizlikni taʼminlash va Yevropa sanoatining raqobatbardoshligini oshirishni maqsad qilgan. Hujjatda AIni mudofaa, sog‘liqni saqlash va ishlab chiqarish kabi strategik sohalarga keng joriy etish zarurligi taʼkidlanadi.
Strategiyada asosiy eʼtibor mudofaa sohasiga qaratilgan. Rossiya tahdidi va Donald Tramp davrida AQSHning Yevropa xavfsizligiga nisbatan pozitsiyasi borasidagi xavotirlar tufayli Bryussel AIga asoslangan mahalliy texnologiyalarni rivojlantirishni birinchi o‘ringa qo‘ymoqda. Buning natijasida qitʼada mudofaa xarajatlari keskin oshmoqda.
Amaliy qadam sifatida YEI “sunʼiy intellektga asoslangan Yevropa qo‘mondonlik va boshqaruv tizimlari (C2)”ni yaratish va joriy etishni tezlashtirishni rejalashtirmoqda. Bunday tizimlar qo‘shinlarni tayyorlash, operatsiyalarni boshqarish va strategik qarorlar qabul qilishda muhim o‘rin tutadi, hozirda esa Yevropa armiyalari bu borada asosan AQSH texnologiyalariga tayanadi.
Yevropada bu yo‘nalishda fransuzlarning Mistral AI va Germaniyaning Helsing mudofaa-texnologiya kompaniyasi kabi istiqbolli loyihalar mavjud. Shunga qaramay, YEI sunʼiy intellekt uchun zarur bo‘lgan dasturiy taʼminot, uskunalar va xomashyo bo‘yicha hamon AQSH va Osiyoga sezilarli darajada bog‘liqligicha qolmoqda.