So‘nggi yillarda insonsimon robotlar sohasiga milliardlab dollarlik sarmoyalar kiritilmoqda. Biroq bu o‘sish ko‘p hollarda muhandislik yutuqlariga emas, balki marketing vaʼdalari va ortiqcha umidlarga asoslanmoqda. iRobot asoschisi va Massachusets texnologiya instituti professori Rodni Bruksning fikricha, robotlarga videomodellar orqali inson harakatlarini o‘rgatib, universal gumanoid yaratish g‘oyasi — “o‘z-o‘zini aldash”dan boshqa narsa emas. U insonsimon robotlarning yaqin kelajakda foydali ishchi kuchiga aylanishi haqidagi qarashni texnik jihatdan asossiz deb hisoblaydi.

Image credit: hightech.plus

Asosiy muammo — sensorika va xavfsizlik

Bruksning asosiy ilmiy dalili sensorika (sezgi) sohasiga bog‘liq. Inson qo‘li 17 mingga yaqin retseptor va barmoq uchlarida minglab sensorlarga ega murakkab biomexanik tizimdir. Bunday yuqori darajadagi hissiy sezgirlik hozirgi robotlarda mavjud emas, chunki ular hali dunyoni teginish orqali idrok etishni o‘rganmagan. Mashinaviy taʼlim nutq va ko‘rish sohalarida katta yutuqlarga erishdi, chunki bu yo‘nalishlarda ulkan va aniq belgilangan maʼlumotlar bazasi bor edi. Biroq taktil (teginish orqali) his qilish bo‘yicha standartlashtirilgan maʼlumotlar to‘plami hanuzgacha yaratilmagan. Shu sababli laboratoriyadagi natijalarni sanoat muhitida takrorlashning deyarli imkoni yo‘q. “Robotni chaqqon qilishdan avval, u dunyoni qo‘llari bilan his qilishni o‘rganishi kerak”, — deydi Bruks.

Olimning taʼkidlashicha, xavfsizlik va barqarorlik masalasi ham jiddiy muammoligicha qolmoqda. Ikki oyoqli gumanoid robotlar tik turishning o‘ziga katta energiya sarflaydi. Agar robotning o‘lchami ikki baravar oshsa, uning yiqilish paytidagi kinetik energiyasi sakkiz baravar ortadi va bu atrofdagi odamlar uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Bu esa ish muhitida bunday mashinalarni qo‘llashni cheklaydi va sertifikatlashtirish talablarini keskin murakkablashtiradi.

Bozordagi illyuziya va kelajak istiqbollari

Bruksning tanqidi, ayniqsa, bozordagi Tesla, Figure va Apptronic kabi yirik ishtirokchilarga qaratilgan. Masalan, Tesla o‘zining Optimus roboti futbolkalarni taxlayotganini namoyish etdi. Microsoft va OpenAI tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan Figure startapi esa 1 milliard dollardan ortiq sarmoya jalb qildi. Bruksning fikricha, bu loyihalar hali muhandislik amaliyotida tasdiqlanmagan sarmoyaviy illyuziyalardir.

Bu shubhalarni sunʼiy intellekt samaradorligiga oid sinovlar ham tasdiqlaydi. METR tashkiloti o‘tkazgan tajribada 16 nafar dasturchiga 246 ta vazifa berilgan. Sunʼiy intellekt yordamida ishlaganlar yechimga o‘rtacha 19 foiz ko‘proq vaqt sarflagan, lekin o‘zlarini “tezroq ishlayapmiz” deb hisoblashgan. Bu subyektiv hissiyot va haqiqiy samaradorlik o‘rtasidagi farqni yaqqol ko‘rsatadi.

Bruksning xulosasiga ko‘ra, robototexnika — bu reklama yoki videorolik emas, balki fizika, materialshunoslik va sensor texnologiyalariga asoslangan uzoq yillik muhandislik jarayonidir. Robotlar bir marta emas, balki millionlab marta bir xil harakatni ishonchli bajara olishi kerak. Buning uchun ular teginishni his qilishni, ushlash kuchini nazorat qilishni va atrof-muhitga moslashishni o‘rganishi lozim.

Shu sababli, yaqin 10–15 yil ichida bozorda “odam nusxalari” emas, balki aniq vazifalarga mo‘ljallangan robotlar ustunlik qiladi: g‘ildirakli, ko‘p qo‘lli, yuqori aniqlikdagi sensorlarga ega, tashqi ko‘rinishi odamga o‘xshamasa-da, ish samaradorligi yuqori bo‘lgan mashinalar. “Keng miqyosda joriy etish uchun hali o‘nlab yillar kerak bo‘ladi,” — deydi Rodni Bruks. “Rivojlanishni shov-shuvga qarab emas, faktlar bilan baholash kerak: bugun nechta robot odamlar bilan yonma-yon, xavfsiz va samarali ishlayapti?”

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan