XXI asrning “yangi nefti” — bu maʼlumotlar, uni boshqarganlar esa kelajakni boshqaradi.
Dunyoda yangi iqtisodiy voqelik yuzaga kelmoqda. Sunʼiy intellekt, raqamli ekotizimlar va nomoddiy aktivlar XXI asrning “nefti va metaliga” aylanib, kelajakni belgilovchi asosiy ishlab chiqarish kuchiga aylandi. K25 forumida so‘zga chiqqan KGF Researche rahbari Anna Ananyeva shu haqda fikr yuritadi.

Global trend: Innovatsiyalarga sarmoyalar uch baravar oshdi
So‘nggi yigirma yil ichida global inqirozlar, pandemiya va geosiyosiy beqarorlikka qaramay, tadqiqot va ishlanmalarga (ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari – ITTKI) yo‘naltirilgan sarmoyalar hajmi uch baravarga oshib, 2000 yildagi 1 trillion dollardan bugungi kunda qariyb 3 trillion dollarga yetdi.
Bu shunchaki raqamlar emas. Eng muhimi, bu sarmoyalarning jahon yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 1,5 foizdan 2 foizgacha o‘sdi. Bu — dunyo davlatlari va yetakchi kompaniyalar TTKIni strategik ustuvor yo‘nalish va iqtisodiy o‘sishning asosiy “yoqilg‘isi” sifatida qabul qilayotganidan dalolat beradi.
Innovatsiyalar markazi Sharqqa ko‘chmoqda
Bugungi kunda ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga yo‘naltirilgan global investitsiyalarning deyarli yarmi Janubi-Sharqiy va Sharqiy Osiyo hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu, global kuchlar muvozanati tubdan o‘zgarganidan dalolat beradi. Huawei, Samsung va Toyota kabi texnologik gigantlar mintaqani innovatsion yetakchilik markaziga aylantirdi. Silikon vodiysining mutlaq gegemonlik davri ortda qolmoqda.
Markaziy Osiyo: Imkoniyatlar va yechimini kutayotgan muammolar
Bu global poygada Markaziy Osiyo ham o‘zining yangi iqtisodiy modelini shakllantirmoqda. Mintaqa mamlakatlarining Global innovatsiyalar indeksidagi o‘rni quyidagicha:
- O‘zbekiston (79-o‘rin): So‘nggi o‘n yillikda 43 pog‘onaga ko‘tarilishga erishdi. Bu, mamlakat mavjud resurslardan samarali foydalanib, aniq natijalar yarata olish salohiyatini oshirayotganini tasdiqlaydi.
- Qozog‘iston (81-o‘rin): Resurslar (75-o‘rin) bo‘yicha yuqori o‘rinda tursa-da, natijadorlikda biroz ortda. Asosiy vazifa — mavjud ilmiy-texnik bazani yuqori texnologik mahsulot va xizmatlarga aylantirishdir.
- Qirg‘iziston (96-o‘rin): Resurslar (93-o‘rin) va samaradorlik (98-o‘rin) o‘rtasidagi tafovut mavjud imkoniyatlar hali to‘liq ishga solinmaganini ko‘rsatadi.
- Tojikiston (108-o‘rin): Ham resurslar, ham natijalar bo‘yicha past ko‘rsatkichlar mamlakatda ilmiy-texnologik islohotlar endigina boshlang‘ich bosqichda ekanini anglatadi.
Mintaqaning asosiy muammosi: ITTKIga sarmoyalar yetishmovchiligi
Butun mintaqa uchun eng og‘riqli nuqta shundaki, yalpi ichki mahsulotda TTKI sarmoyalarining ulushi jahon yetakchilarinikidan qariyb 10 baravar kam. Solishtirish uchun, rivojlangan mamlakatlarda bu ko‘rsatkich YAIMning 2–4 foizini tashkil etsa, Markaziy Osiyoda atigi 0,2–0,4 foiz atrofida.
Xulosa: Resurslardan natijaga o‘tish davri
Shundan kelib chiqib, mintaqa uchun yaqin kelajakdagi strategik vazifa aniq: nafaqat resurs bazasini kengaytirish, balki sarmoyalarni aniq iqtisodiy o‘sishga olib keladigan samarali innovatsion ekotizimni yaratishdir.
“XXI asrning yangi boyligi — maʼlumot, ilmiy tafakkur va intellektual mahsulot. Kim buni boshqara olsa, kelajak ham unga tegishli bo‘ladi”