Tagesschau nashrining xabar berishicha, Bryusselda bo‘lib o‘tgan sammit yakunida Yevropa Ittifoqi davlatlari rahbarlari bolalarni raqamli muhitda himoya qilish maqsadida TikTok va Instagram kabi ijtimoiy tarmoqlar uchun minimal yosh chegarasini belgilashga chaqiruvchi deklaratsiya qabul qildi.

Hujjatda raqamli makonda bolalarni psixologik va ijtimoiy xavflardan himoyalash muhimligi taʼkidlangan. YEI rahbarlari yoshga mos bo‘lmagan kontent va algoritmlar o‘sib kelayotgan avlod ruhiyatiga salbiy taʼsir ko‘rsatayotgani hamda ekranga qaramlik holatlari kuchayayotganidan xavotir bildirgan.
Bu masaladagi muhokamalarga Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen yangi turtki berdi. U ijtimoiy tarmoqlar uchun yosh cheklovini joriy etishni tamaki va spirtli ichimliklarga qo‘yilgan cheklovlar bilan tenglashtirdi. Fon der Lyayenning taʼkidlashicha, bu tartib bolalar salomatligi va rivojlanishi uchun shu qadar muhimki, unga aynan shunday jiddiy yondashuv talab etiladi.
U misol tariqasida Avstraliyani keltirdi: bu mamlakat 2024 yil noyabridan boshlab 16 yoshdan kichiklar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlagan dunyodagi birinchi davlatga aylanadi.
Yil oxirigacha YEI doirasida maxsus ekspertlar guruhi tuzilishi kutilmoqda. Ushbu guruh bolalarning raqamli xavfsizligini taʼminlash va yosh cheklovini joriy etish bo‘yicha yagona Yevropa strategiyasini ishlab chiqadi.