AQShda ishsizlik darajasi rekord ko‘rsatkichda.
2025 yilda AQSHda kompyuter fanlari (Computer Science — CS, bizda ko‘proq axborot texnologiyalari atamasidan foydalaniladi) bitiruvchilari orasida ishsizlik darajasi 6,1 foizga yetdi. Finalroundai nashrida keltirilishicha, bu ko‘rsatkich nafaqat mamlakat iqtisodiyotidagi o‘rtachadan yuqori, balki odatda “ish topishi qiyin” deb baholanadigan gumanitar yo‘nalishlar — masalan, falsafa (3,2%) yoki sanʼatshunoslik (3%)dan ham baland ekani bilan eʼtiborga molik.

Bu holatga nimalar sabab bo‘lmoqda?
- Sunʼiy intellekt va avtomatlashuv
Keyingi yillarda AI vositalari dasturlashning boshlang‘ich vazifalarini bajara olishi natijasida yangi bitiruvchilar uchun talab sezilarli darajada pasaydi. - Ommaviy qisqartirishlar
2024–2025 yillarda yirik texnologik korporatsiyalar yuz minglab xodimlarni ishdan bo‘shatdi. Buning natijasida ish bozorida raqobat yana-da kuchaydi va yangi kadrlar uchun imkoniyatlar qisqardi. - Bitiruvchilar sonining ortishi
Oxirgi o‘n yilda kompyuter fanlariga qiziqish keskin oshdi. Agar 2013–2014 yillarda AQSH universitetlarida CS yo‘nalishiga 51 mingdan ortiq talabalar qabul qilingan bo‘lsa, 2022–2023 yillarda bu raqam qariyb 113 ming nafarga yetdi. Bu esa ish o‘rinlari bilan talab o‘rtasida disbalans keltirib chiqardi. - Nufuzli universitet bitiruvchilari ham qiynalmoqda
Ilgari MIT yoki Stanford kabi yetakchi universitet bitiruvchilarining aksariyati tezda ishga joylashardi. Biroq so‘nggi yillarda ularning yuqori darajada ishga kirish imkoniyatlari 25 foizdan 11–12 foizgacha tushib ketdi. - Xorijdan mutaxassis jalb etilishi
Microsoft kabi kompaniyalar minglab H-1B vizalariga ariza bermoqda. Bu holat ichki bitiruvchilar uchun raqobatni yana-da kuchaytirayotgani ayni haqiqat.
Yoshlar oldida turgan sinovlar
Z avlodi — hozirgi yosh mutaxassislar — ish topish uchun yuzlab arizalar yubormoqda, ammo javoblar soni juda kam. Masalan, bir dasturchi 600 ta rezyume yuborib, bor-yo‘g‘i 5 ta javob olgan. Bu holat ko‘pchilikning ruhiy bosim ostida qolishiga va hatto kasb yo‘nalishini o‘zgartirishga olib kelmoqda.
Ayrimlar kompyuter fanlaridan voz kechib, tezkor xizmat sohalariga — restoran yoki chakana savdo tarmoqlariga o‘tmoqda. Masalan, baʼzi bitiruvchilar fast food restoranlarida ishlashga majbur bo‘lmoqda.
AyTi‘larga “temir kafolat” buzilyaptimi?
Qizig‘i shundaki, gumanitar yo‘nalishlardan bitiruvchilar — falsafa, sanʼatshunoslik yoki ommaviy axborot vositalari bo‘yicha mutaxassislar — bugun kompyuter fanlari bitiruvchilariga nisbatan ko‘proq ish topish imkoniyatiga ega. Bu tendensiya faqat AQSHda emas, balki Hindiston kabi davlatlarda ham kuzatilmoqda.
Xulosa va saboqlar
- Talabalar uchun: Kompyuter fanlari diplomi ishga kafolat emas. Qo‘shimcha amaliy malaka, AI va yangi texnologiyalar bo‘yicha ko‘nikmalar muhim ahamiyatga ega.
- Universitetlar uchun: Dars dasturlarini bozor talablariga moslashtirish, AI, kiberxavfsizlik va infratuzilma kabi sohalarga ko‘proq eʼtibor qaratmoq zarur.
- Siyosatchilar uchun: Qayta tayyorlash dasturlari, yoshlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish va taʼlimni bozor ehtiyojlariga moslashtirish dolzarb masala bo‘lib qolmoqda.
Qisqa qilib aytganda, kompyuter fanlari hali ham muhim va istiqbolli yo‘nalish hisoblanadi. Biroq zamon o‘zgardi: bitiruvchi diplomdan tashqari, doimiy ravishda malaka oshirishi, turli sohalarni uyg‘unlashtira olishi va bozor talabiga moslashishi zarur.