Google DeepMind bosh direktori Demis Hassabis ilmiy kashfiyotlar qilish uchun ChatGPT kabi mavjud til modellarini shunchaki kattalashtirish yetarli emasligini, balki atrof-muhitni tushunishga qodir bo‘lgan prinsipial jihatdan yangi modellar zarurligini taʼkidlamoqda. Uning baholashicha, 2030 yilga borib «umumiy sunʼiy intellekt» (AGI) paydo bo‘lish ehtimoli 50 foizni tashkil etadi, robototexnikadagi keskin burilish esa yaqin bir yarim-ikki yil ichida ro‘y berishi mumkin.

AGI yaratish uchun sabab-oqibat aloqalarini tushunadigan, xayoliy tajribalar o‘tkaza oladigan va fizik jarayonlarni modellashtirishga qodir bo‘lgan «dunyo modeli» (world model) kerak. Faqat shunday yondashuvgina haqiqiy ilmiy kashfiyotlar qilishga imkon beradi. Hassabisning fikricha, ChatGPT singari yirik til modellari (LLM) ilm-fanda keskin sakrash qila olmaydi.
«Zamonaviy yirik til modellari qoliplarni (patternlarni) aniqlashda benazir, – deb tushuntiradi Hassabis. – Ammo ular sabab-oqibat aloqalarini tushunmaydi va nima uchun ‘A‘ hodisasi ‘B‘ ga olib kelishini bilmaydi. Ular shunchaki statistik bog‘liqliklar asosida keyingi tokenni bashorat qiladi, xolos».
DeepMind bu g‘oyalarni allaqachon amalda qo‘llamoqda. Hassabis bunga ikkita tizimni misol qilib keltirdi:
- Genie 3 – matnli tavsif bo‘yicha interaktiv 3D olamlarni yaratish uchun o‘tgan yilning avgustida ishlab chiqilgan model.
- SIMA 2 – AI-agentlarni ushbu virtual muhitlarda harakatlanishga o‘rgatuvchi tizim.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, matnni tushunish qobiliyatini uch o‘lchamli (3D) makonni va fizik muhitni anglash bilan birlashtirgan bunday gibrid tizimlar murakkab mantiqiy masalalarni yechishda sof til modellariga qaraganda 20-30 foizga samaraliroq va fizika qonunlari borasida kamroq gallyutsinatsiyaga yo‘l qo‘yadi (yaʼni, kamroq adashadi).
Robototexnikaga kelsak, Hassabisning fikricha, bu sohadagi tub burilish yaqin 18-24 oy ichida sodir bo‘lishi mumkin. Uning bu so‘zlari Las-Vegasdagi CES 2026 ko‘rgazmasida Google DeepMind va Boston Dynamics o‘rtasidagi hamkorlik eʼlon qilinganidan ko‘p o‘tmay yangradi. Gemini Robotics bazaviy modeli yaqin oylarda Hyundai zavodlarida sinovdan o‘tkaziladigan Atlas odamsimon robotlariga integratsiya qilinadi.
Sunʼiy intellektning ish o‘rinlariga taʼsiri haqida gapirar ekan, Hassabis AI tizimlari hali insonni to‘liq o‘rnini bosa olmasligini aytdi. Shunga qaramay, uzoq muddatli istiqbolda AGI energiya ishlab chiqarish kabi fundamental muammolarni hal qilish orqali «taqchillikdan xoli dunyo»ni yaratishga qodir.
Xalqaro raqobat haqida to‘xtalar ekan, Hassabis Xitoy kompaniyalari (xususan, ByteDance) bor-yo‘g‘i olti oyga ortda qolayotganini aytdi, biroq ular hozirgi texnologik yutuqlar chegarasidan mustaqil chiqib keta olishiga shubha bildirdi.
Yakunda Hassabis AGI to‘laqonli shakllanishi uchun yana 5-10 yil hamda AlphaGo miqyosidagi kamida ikkita yangi yirik kashfiyot kerak bo‘lishini taʼkidladi. U yosh mutaxassislarga AI vositalarini faol o‘zlashtirishni maslahat berib, ularni «ijodiy kasblardagi superkuch» deb atadi. Chunki bu vositalar ilgari bir necha kishini talab qilgan vazifalarni yolg‘iz bajarish imkonini beradi.