Kompyuter texnologiyalari sohasidagi ko‘plab ekspertlar dasturchilar kodni qo‘lda yozadigan an’anaviy model asta-sekin o‘tmishga aylanib borayotganini e’tirof etmoqda. Generativ sun’iy intellekt dasturchi kasbining mohiyatini o‘zgartirib, asosiy e’tiborni sintaksisdan — vazifalarni to‘g‘ri shakllantirish, mantiqni nazorat qilish va natijalarni tekshirishga qaratmoqda. Bu fikrga Node.js yaratuvchisi va zamonaviy veb-dasturlashning asosiy ustunlaridan biri Rayan Dal (Ryan Dahl) ham qo‘shildi. U yaqindagi postida «insonlar kod yozadigan davr o‘z nihoyasiga yetdi», deb ochiq ma’lum qildi.

Image credit: hightech.plus

Dal bu gaplar o‘zini dasturchi kasbi bilan chambarchas bog‘lagan insonlar uchun xavotirli eshitilishini tan oladi. Biroq, uning ta’kidlashicha, dasturchilar uchun ish o‘rni yo‘qolmaydi, shunchaki uning mazmuni tubdan o‘zgaradi. Ma’lumot o‘rnida, Rayan Dal 2009-yilda JavaScript tilidagi Node.js server platformasini yaratgan. Bugungi kunda u veb va backend dasturlashning asosiy vositalaridan biri hisoblanadi va millionlab ilovalar aynan shu platformada ishlaydi.

Gigantlar buni allaqachon tasdiqlagan Bu tendensiya amaliyotda yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Google bosh direktori Sundar Pichai bugungi kunda kompaniyadagi yangi kodlarning 30 foizdan ortig‘i sun’iy intellekt yordamida yaratilayotganini ma’lum qilgan edi. Microsoft rahbari Satya Nadella ham kompaniyaning ichki ishlanmalari haqida gapirganda shunga yaqin raqamni keltirgan.

Sanoat yetakchilarining bashoratlariga ko‘ra, bu hali boshlanishi, xolos. Anthropic rahbari Dario Amodey 2025-yilning bahorida AI yaqin oylar ichida dasturiy kodning 90 foizini, bir yil ichida esa deyarli barchasini mustaqil yoza olishini aytgandi. Googleda ham yaqin kelajakda sun’iy intellekt Junior (boshlang‘ich) dasturchi darajasida ishlashi kutilmoqda.

Psixologik to‘siq va kasb transformatsiyasi E’tiborga molik jihati shundaki, Dal bu o‘tish davrining nafaqat texnologik, balki psixologik oqibatlari haqida ham ochiq gapirmoqda. U ko‘plab muhandislar uchun dasturlash — shaxsiy o‘zlikning (identifikatsiyaning) bir qismi ekanligini va odatiy rolni yo‘qotish og‘riqli qabul qilinishi mumkinligini ta’kidlaydi. Biroq, gap kasbning yo‘qolishi haqida emas, balki uning transformatsiyasi haqida ketmoqda.

Endilikda dasturchining yangi roli — AI tomonidan yaratilgan kodni tekshirish, to‘g‘rilash va arxitektura jihatidan nazorat qilishga qarab o‘zgarmoqda. Masalan, Anthropic muhandislari o‘zlari yaratgan vositalardagi kodning katta qismi sun’iy intellekt modellari tomonidan yozilganini tan olishgan. Yaqindagina Nvidia bosh direktori Jensen Xuang ham o‘z muhandislarini kod yozishdan butunlay xalos etmoqchi ekanligini ma’lum qildi. Bunday o‘zgarishlarning ta’siri keng ko‘lamli bo‘lib, ta’lim dasturlarini qayta ko‘rib chiqishdan tortib, muhandislik jamoalarini qayta tuzishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oladi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan