Kaliforniya universiteti (San-Fransisko, UCSF) olimlari falaj bo‘lgan odamlarga robotlashtirilgan qo‘llar yordamida mustaqil harakat qilish imkoniyatini beradigan platforma yaratdi. Manipulyatorni kerakli harakatni tasavvur qilish orqali fikr kuchi bilan boshqarish mumkin. Bu jarayonda sunʼiy intellekt hal qiluvchi rol o‘ynaydi.

Olimlar tomonidan ishlab chiqilgan platforma elektrokortikografiya (EKoG) – bosh miya po‘stlog‘ining faol qismlarini aniqlash tizimiga asoslanadi. Odatda u miya operatsiyalaridan oldin qo‘llaniladi, shunda jarroh muhim sohalarga shikast yetkazmaydi. EKoG tizimi va implantlari ancha qimmat bo‘lsa-da, bu holatda ular yuqori samaradorlik ko‘rsatdi.
Oyoq-qo‘llari to‘liq falaj bo‘lgan bemor EKoG orqali sunʼiy intellektli kompyuterga ulangan, u esa o‘z navbatida buyruqlarni robotlashtirilgan qo‘lga uzatgan. Mashinali o‘rganishga asoslangan algoritm qo‘l harakatlari uchun masʼul bo‘lgan miya qismlarining faolligini aniqlab, tegishli buyruqlarni manipulyatorga uzatdi. Bemor jarayonni kuzatib, real vaqt rejimida qo‘l harakatlarini xayolan to‘g‘riladi, bu esa darhol robotlashtirilgan qo‘lga o‘tkazildi.
Tadqiqotchilarning taʼkidlashicha, bemorning xohish-istaklari asosida xatolarni darhol tuzatish orqali algoritmni o‘rgatishning bu usuli yuqori samaradorlik ko‘rsatdi. Bundan tashqari, sunʼiy intellekt miya harakatlari uchun masʼul bo‘lgan qismlar faolligining po‘stloqning qo‘shni sohalariga siljishini kuzatishni o‘rgandi.
Umuman olganda, faollik o‘zgarmadi, ammo faollik zonasi po‘stloq bo‘ylab “siljidi”, deya taʼkidlamoqda olimlar. Odatda, bu implantlarni qandaydir vaqt oralig‘ida qayta kalibrlashni talab qiladi. Biroq, sunʼiy intellektga asoslangan platforma bu o‘zgarishni mustaqil ravishda hisobga olishga muvaffaq bo‘ldi va sozlamalarga deyarli aralashmasdan yetti oydan ko‘proq vaqt davomida ishlash qobiliyatini saqlab qoldi. Shuning o‘zi loyihani istiqbolini ko‘rasatadi.
Robotlashtirilgan qo‘l yordamida bemor buyumlarni olib-qo‘yish, idish-tovoqlardan foydalanish va stakanga suv quyish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Olimlar, shuningdek, “robotqo‘l”ni “mashina ko‘rishi” bilan taʼminlash orqali platformani takomillashtirishlari mumkinligiga ishonishadi. Bu mashinaga bemorga harakatlarni aniqroq bajarishga yordam berish imkonini beradi, shuningdek, sunʼiy intellektni o‘rganish jarayonini yaxshilaydi.
“Endi biz tizimni qanday yaratishni bilamiz va uni ishlashga majbur qila olishimizga to‘liq ishonch hosil qildim”, – deydi tadqiqot ishtirokchilaridan biri.