Avstraliyaning Cortical Labs kompaniyasi hisoblash intellektining mutlaqo yangi turini – bugungi kunda mavjud bo‘lgan har qanday sunʼiy intellektdan ko‘ra dinamikroq, barqarorroq va energiya tejaydigan hisoblash texnikasini bozorga chiqarishni rejalashtirmoqda.

Endi batafsil.

Image credit: Cortical Labs

Ispaniyaning Barselona shahrida bo‘lib o‘tayotgan MWC 2025 ko‘rgazmasida Avstraliyaning Cortical Labs startapi dunyoda birinchi bo‘lib inson miyasining tirik hujayralaridan foydalanuvchi CL1 nomli kompyuterni namoyish etdi. Bu noyob tizim hujayralarning hayotiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi va ularning o‘z-o‘zini o‘rganish jarayonida rivojlanishiga ko‘maklashadi. Kompyuter mustaqil ravishda ishlaydi, anʼanaviy hisoblash qurilmalariga ulanishni talab qilmaydi.

Kompaniya maʼlumotlariga ko‘ra, CL1 ishlanmasi inson miyasi hujayralari va kremniy uskunalarini birlashtirgan dunyodagi birinchi biologik kompyuter bo‘lib, bu ilm-fan va tibbiy tadqiqotlar uchun haqiqiy burilish nuqtasidir.

Cortical Labs kompaniyasi muhandislarining taʼkidlashicha, CL1 tizimi shunchalik tez va moslashuvchan tarzda o‘rganadiki, ChatGPT kabi katta til modellarini o‘qitish uchun ishlatiladigan kremniy chiplaridan butunlay ustun turadi. Buning sababi, doimiy ravishda rivojlanib boruvchi organik kompyuter bo‘lgan inson hujayralarining neyron tarmoqlaridir. To‘g‘ri, hozircha tizimning imkoniyatlari haqida xulosa chiqarishga erta – ular foydalanuvchilar qo‘liga o‘tgandagina to‘liq namoyon bo‘ladi. CL1‘ni xaridorlarga yetkazib berish 2025 yilning ikkinchi yarmidan boshlanishi aytilmoqda.

“Bugungi kun Cortical Labs‘ni deyarli 6 yil davomida harakatga keltirgan g‘oyaning cho‘qqisidir. Bu vaqt ichida biz bir qator muhim yutuqlarni qo‘lga kiritdik, ammo bizning uzoq muddatli maqsadimiz texnologiyani maxsus uskunalar va dasturiy taʼminotga ega bo‘lmagan tadqiqotchilar uchun qulay qilish edi. CL1 ana shu vazifa amalga oshganining belgisidir”, – deydi Cortical Labs asoschisi va bosh direktori Hon Veng Chong.

CL1 tizimi ichida laboratoriyada sunʼiy ravishda o‘stirilgan inson neyronlari 59 ta elektroddan iborat yassi massivga joylashtirilib, o‘ziga xos “miya” hosil qiladi. U o‘z navbatida, real vaqt rejimida boshqarish dasturiga ulangan, to‘lqinlar uchun filtrlash, haroratni nazorat qilish datchiklari, gaz aylanishi va aralashishi uchun nasoslar hamda boshqa ko‘plab jihozlar bilan taʼminlangan to‘rtburchak hayotni taʼminlash blokiga joylashtirilgan.

Hozirda Cortical Labs Wetware-as-a-Service dasturi doirasida CL1 biokompyuterlarini taklif qilmoqda, bu esa tizimni 35 000 dollarga to‘liq sotib olish yoki bulut texnologiyalari orqali masofadan foydalanish imkoniyatini beradi. Keyinroq, butun dunyo bo‘ylab millionlab tadqiqotchilar, innovatorlar va “katta tafakkur egalari” bu ishlanmani yangi yutuqlar va ilmiy kashfiyotlarga olib keladigan haqiqiy foydali vositaga aylantirish imkoniga ega bo‘ladilar.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan