Xitoyning UBTech kompaniyasi odamsimon robotlarning o‘zaro hamkorligi sohasida katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Uning Walker S1 androidlari 5G tarmog‘i bilan jihozlangan Zeekr zavodida amaliyot davomida ishlab chiqarish vazifalarini birgalikda bajarmoqda. Misol uchun, 2 ta odamsimon robot og‘ir qutilarni olib, ularni javonlarga joylashtiryapti. Bu jarayon YouTube‘dagi reklama roligida ko‘rsatildi.

Tajribada o‘nlab Walker S1 androidlari qatnashdi. Ular saralash, detallarni tashish, yig‘ish va sifatni nazorat qilish bilan shug‘ullanishdi. Har bir robot atrof-muhitdagi o‘zgarishlarni hisobga olish uchun vizual navigatsiya va taktil sensorlardan foydalandi. Bu ularga bir vaqtning o‘zida harakatlanish, buyumlarni bir-biriga uzatish va nozik materiallar bilan ishlashda harakatlarini moslash imkonini berdi.
Boshqaruv tizimining asosini robotlarni bulutli va mahalliy maʼlumotlarni qayta ishlash orqali muvofiqlashtiradigan Swarm Intelligence texnologiyasi tashkil etdi. UBTech vakillari shunday dedi: “BrainNet intellektual tugunlarni yagona tarmoqqa birlashtirib, qaror qabul qilish uchun “super miya” va alohida vazifalarni boshqarish uchun “qo‘shimcha miya”ni shakllantiradi”. Tizim ishlab chiqarishda ishni rejalashtirish uchun gibrid algoritmlardan foydalanadi.
Boshqaruvda Transformer-arxitekturaga asoslangan multimodal model hal qiluvchi ahamiyatga ega. U zavoddan olingan maʼlumotlarni tahlil qiladi va robotlarni yangi operatsiyalarga moslashtirish uchun kengaytirilgan qidiruv (RAG) texnologiyasidan foydalanadi. Kompaniya maʼlumotlariga ko‘ra, model avtomobil zavodlarida Walker S dan to‘plangan sanoat maʼlumotlari asosida o‘qitilgan.
UBTech 2025 yilda 500 dan 1000 tagacha Walker S robotlarini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Kompaniya ulardan foydalanish avtomobilsozlik va elektronika sanoatida avtomatlashtirish jarayonini tezlashtiradi deb hisoblaydi. Firma vakillari taʼkidladilarki: “Biz yakka robotlardan jamoaviy ongning murakkab tizimlariga o‘tmoqdamiz”.
Zeekr fabrikasi birinchi haqiqiy sinov maydonchasi bo‘ldi. Muhandislar mashinalarning ishlashini kuzatib, ularning algoritmlarini sozladilar. Ishlab chiquvchilarning fikricha, bunday tizimlar robotlarga nafaqat yopiq muhitda, balki yana-da o‘zgaruvchan sharoitlarda ham ishlash imkonini beradi.