Google kompaniyasi “Sunʼiy intellekt sharhlari” (AI Overviews) funksiyasini kengaytirgani haqida eʼlon qildi. Endi bu funksiya butun dunyo bo‘ylab foydalanuvchilar, hatto tizimga kirmaganlar uchun ham mavjud bo‘ladi. Shuningdek, AI Mode nomli qidiruv tizimining yangi rejimi joriy etiladi. U odatiy qidiruvni sunʼiy intellekt bilan interaktiv muloqotga aylantiradi.

Google o‘zining qidiruv tizimida AI Overviews‘dan foydalanishni kengaytirishda davom etmoqda. Tobora ko‘proq so‘rovlar uchun sunʼiy intellekt tomonidan yaratilgan xulosalarni ko‘rsatib, ularni barcha foydalanuvchilar uchun ochiq qilmoqda. Ammo yana-da qiziqarliroq yangilik – alohida SI qidiruv rejimi AI Mode hisoblanadi.
AI Mode asosiy qidiruv tizimiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri integratsiyalashgan qidiruv chat-botidir. Bu vosita Perplexity yoki ChatGPT Search‘ga o‘xshash, lekin Google uchun moslashtirilgan. TheVerge nashrining yozishicha, hozircha AI Mode faqat Google One AI Premium obunachilari uchun mavjud, ammo ular ham uni Labs bo‘limi orqali ishga tushirib olishlari kerak.
AI Mode‘ning asosiy g‘oyasi shundaki, ko‘plab foydalanuvchilar havolalarni ko‘rib chiqishdan ko‘ra, darhol kerakli javobni olishni afzal ko‘radilar. Ushbu rejimda so‘rov SI qidiruv modeli tomonidan qayta ishlanadi. U Google indeksidagi maʼlumotlardan foydalanadi va manbalarga havolalarni qo‘shadi. Vizual jihatdan AI Mode Gemini chat-botiga o‘xshaydi, ammo undan farqli o‘laroq, real vaqt rejimida maʼlumotlarni tahlil qilishi va veb-sahifalar bilan o‘zaro aloqada bo‘lishi mumkin.
Baʼzi ekspertlar Google foydalanuvchilar havolalar ro‘yxatidan saytlarga o‘tadigan anʼanaviy qidiruv sxemasidan tobora uzoqlashayotganini taʼkidlashmoqda. Biroq, qidiruv tizimi bo‘yicha guruhning mahsulotlar bo‘yicha vitse-prezidenti Robbi Steyn (Robby Stein) bunga qo‘shilmaydi. “AI Overviews foydalanuvchilarga kerakli kontekstni beradi, shundan so‘ng ular, aksincha, havolalarni ko‘proq bosishadi va saytlarda ko‘proq vaqt o‘tkazishadi”, deya tushuntirdi u. Kompaniyaning fikricha, yangi texnologiyalar eski qidiruv mexanizmlarini almashtirmaydi, balki uni takomillashtiradi.
Google‘ning taʼkidlashicha, AI Mode anʼanaviy qidiruvni to‘liq almashtirishga urinish emas. Shunga qaramay, sunʼiy intellekt texnologiyalari qidiruv tizimining ishini sezilarli darajada o‘zgartirayotgani aniq. Qidiruv tizimining kelajagi tobora ko‘proq sunʼiy intellekt bilan bog‘liq bo‘lib bormoqda. AI Overviewsfunksiyasiga kelsak, unda yangilangan Gemini 2.0modeli qo‘llaniladi. Staynning so‘zlariga ko‘ra, bu matematika, dasturlash va mantiqiy tahlil bilan bog‘liq so‘rovlarga javoblarni yaxshilaydi.