Massachusets texnologiya institutining yaqinda eʼlon qilingan tadqiqoti biznes olamidagi sunʼiy intellekt loyihalari haqidagi baʼzi masalalarga oydinlik kiritdi. Hisobotga ko‘ra, kompaniyalarda so‘nggi yillarda joriy etilgan generativ sunʼiy intellekt (GenAI) pilot dasturlarining 95 foizi aniq iqtisodiy yoki moliyaviy natija bermagan.

Ko‘plab loyihalarning muvaffaqiyatsizligi avvalo ularni mavjud ish jarayonlariga moslashtirishdagi muammolar bilan izohlanmoqda. Yangi texnologiya korporativ infratuzilma bilan uyg‘unlashmaydi, shuningdek, tashkilot madaniyati va xodimlarning tayyorgarligi yetarli emasligi samaradorlikni pasaytiradi. Ayniqsa, bilim va ko‘nikma yetishmasligi ko‘p hollarda natijani yo‘qqa chiqaradi.

Shu bilan birga, ko‘p kompaniyalar AI‘ni asosan marketing va sotuv sohalariga yo‘naltirmoqda, biroq haqiqiy qiymat ko‘proq ichki jarayonlarni avtomatlashtirish orqali ko‘zga tashlanadi. Bundan tashqari, “shadow AI” deb ataluvchi holat – xodimlarning rasmiy dasturlardan chetlab shaxsiy vositalardan foydalanishi – nazorat va xavfsizlikka jiddiy taʼsir ko‘rsatmoqda.

Tadqiqot shuni ham ko‘rsatdiki, muvaffaqiyatga erishgan loyihalar asosan to‘g‘ri hamkorlik va aniq yo‘nalishga eʼtibor bergan holatlarda kuzatilgan. AI‘ni mustaqil joriy etgan kompaniyalarda muvaffaqiyat darajasi atigi 33 foiz bo‘lsa, yirik texnologik hamkorlar bilan ishlaganda bu ko‘rsatkich 67 foizga yetgan. Shuningdek, keng qamrovli maqsadlardan ko‘ra, muayyan jarayonni avtomatlashtirishga yo‘naltirilgan kichik loyihalar tez va samarali natija bergan.

Hisobot eʼlon qilinishi bilan Nvidia va Palantir kabi yirik AI kompaniyalarining aksiyalari qiymati pasayib ketdi. Bu holat sarmoyadorlarda “AI inqilobi”ning haqiqiy qiymatiga nisbatan yangi shubhalar uyg‘otdi. OpenAI rahbari Sem Altman ham ehtimoliy “AI bo‘hroni” haqida ogohlantirib, investorlarni ehtiyotkorlikka chaqirdi. Ekspertlar esa IT infratuzilma va xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar kelgusida AI loyihalarini samarali qilishda hal qiluvchi o‘rin tutishi mumkinligini taʼkidlamoqda.

MIT hisoboti bir haqiqatni ko‘rsatmoqda: AI‘ning muvaffaqiyati texnologiyaning o‘ziga emas, uni qanday joriy etish va qay darajada uyg‘unlashtirishga bog‘liq. Agar kompaniya madaniy, tashkiliy va texnik jihatdan tayyor bo‘lmasa, eng ilg‘or yechim ham natija bermaydi. Shuning uchun muvaffaqiyatning asosiy kaliti — aniq maqsad, to‘g‘ri strategiya va ishonchli hamkorlikdir.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan