Xitoyning kadrlar yollash sanoati shiddat bilan sun’iy intellekt (SI) tizimiga o‘tmoqda. 2024-yildayoq kompaniyalarning 71,5 foizi xodim yollashda algoritmlardan foydalangan, bu undan avvalgi yilllardagi ko‘rsatkichdan uch barobar ko‘pdir. Davlat va xususiy firmalar rezyumeni tahlil qiladigan, suhbat rejasini tuzadigan va hatto nomzodlar bilan intervyu o‘tkazadigan «SI-rekruter»larni faol joriy etmoqda.

Xususan, davlatga qarashli China International Intellectech Group kompaniyasi SI asosidagi raqamli HR-tizimni ishga tushirdi. Uning tarkibiy qismi bo‘lgan «Guanmo» ismli virtual rekruter nomzodlarning rezyumesiga asoslanib, individual suhbat rejalarini tuzish va ularni har tomonlama baholash qobiliyatiga ega. Nowcoder.com ma’lumotlariga ko‘ra, sohada bunday texnologiyalardan foydalanish keskin oshgan.
Zhaopin portali vitse-prezidenti Li Syan (ushbu platformada SI-suhbatlar 2019-yildayoq joriy qilingan) bunday texnologiyalar an’anaviy yollash usullarini takomillashtirib, jarayonni yanada adolatli va samarali qilishini ta’kidladi. Sun’iy intellekt HR mutaxassislariga katta hajmdagi ma’lumotlarni yagona standartlar bo‘yicha qayta ishlashga va to‘g‘ri qaror qabul qilish uchun tavsiyalar berishga yordam beradi. Bundan tashqari, SI raqamli xodim sifatida vakansiya joylashtirishdan tortib suhbat o‘tkazishgacha bo‘lgan vazifalarni bajarib, ish beruvchilarga o‘z «iqtidorlar ekotizimi»ni yaratishga imkon beradi.
Xitoy hukumati ham HR sektoriga texnologiyalar joriy etilishini qo‘llab-quvvatlamoqda. Sentyabr oyida Shanxay ma’murlari agentliklarni SI yordamida transformatsiya qilishga, jumladan, yollash, baholash va o‘qitish uchun aqlli vositalarni ishlab chiqishga chaqirdi. Inson resurslari vazirligi vakili Chjan Venmyao yangi texnologiyalar kadrlar oqimini boshqarish samaradorligini oshirishini qayd etdi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, Xitoyda 1 milliondan ortiq xodimga ega 70 mingdan ziyod HR-agentlik faoliyat yuritmoqda. 14-besh yillik (2021–2025) davrida soha har yili 300 million marta ishga joylashtirish va karyera bo‘yicha xizmat ko‘rsatgan.