Axborot texnologiyalari olamida g‘aroyib voqea yuz berdi – King studiyasidagi so‘nggi qisqartirishlar menejerlar hamda dizaynerlar taʼsir ko‘rsatdi va ular o‘zlari tomonidan yaratilgan sunʼiy intellekt ishlanmalari bilan almashtirildi, deyiladi Mobilegamer.biz xabarida.

Image credit: mobilegamer.biz

Mashhur Candy Crush mobil o‘yinini ishlab chiqaruvchi King kompaniyasi ishdan bo‘shatishlarning yangi to‘lqinidan so‘ng eʼtibor markaziga tushdi. Mobilegamer.biz nashrining bir nechta ishonchli manbalarga tayanib xabar berishicha, Barselonadagi ofisning 200 ga yaqin xodimi va Londondagi Farm Heroes Saga uchun masʼul bo‘lgan jamoaning deyarli yarmi (taxminan 50 kishi) ishdan bo‘shatilgan. Keng ko‘lamli ishdan bo‘shatishlar iyul oyida Xbox tarkibidagi qayta tashkil etishning bir qismi bo‘lib, unda jami 4000 kishi ishsiz qolgan.

O‘rta bo‘g‘in menejerlari, darajalar dizaynerlari, UX mutaxassislari, foydalanuvchilarni o‘rganish bo‘limi xodimlari va kopirayterlar qisqartirishga uchradi. Manbalarning taʼkidlashicha, ushbu mutaxassislarning katta qismi so‘nggi yillarda jamoalarning kundalik ishini tezlashtiradigan sunʼiy intellekt vositalarini yaratish va joriy etish ustida ishlagan. Insayderlarning aytishicha, endi xuddi shu vositalar odamlarning o‘rnini egallabdi.

«Sunʼiy intellekt vositalarining odamlar o‘rnini egallashi juda achinarli. Barchasi samaradorlik va foyda uchun, garchi kompaniyaning ishlari aʼlo darajada ketayotgan bo‘lsa-da,» – deya ishdan bo‘shatilgan xodimlardan birining so‘zlarini keltiradi Mobilegamer.biz.

Xuddi shu manbaga ko‘ra, xodimlarning bir qismi rahbariyat yoki kompaniyaning ichki jarayonlariga nisbatan ochiq norozilik bildirgani uchun HR bo‘limi tomonidan tazyiqqa uchragan.

Qisqartirishlardan oldin ham King xodimlarining ruhiy holati tashvishli edi. Ichki so‘rovlarga ko‘ra, qoniqish darajasi past bo‘lgan va rahbariyat bu muammoni so‘zda hal qilishga uringan. Endi, sobiq xodimlar aytishicha, «u tubga tushgan.»

Shunga qaramay, Microsoft Gaming rahbari Fil Spenserning so‘zlariga ko‘ra, Xbox ekotizimi «hali hech qachon bunchalik ishonchli ko‘rinmagan». Biroq, ishonch haqidagi bayonotlar ommaviy ishdan bo‘shatishlar va korporatsiyaning sho‘ba studiyalaridagi ichki keskinlikning kuchayishi fonida yangramoqda.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan