Xitoy va Britaniya olimlari hamkorligida tashkil etilgan Pekinning Daqi Yuequan Bionic Technology kompaniyasi robototexnika sohasida yangi davrni boshlab berishi mumkin bo‘lgan bionik robotlar va aqlli qo‘llarning yangi avlodini namoyish qildi. Ushbu innovatsion ishlanmalar “cho‘zilish-siqilish orqali ishlaydigan bionik tana nazariyasi”ga asoslangan.

Taqdimotning eng yorqin mahsulotlaridan biri Y-Hand M1 bionik qo‘li bo‘ldi. Ushbu qo‘l 38 ta erkinlik darajasiga ega bo‘lib, bu borada jahonda yetakchi hisoblanadi. “Magnitli konsentratsiyalangan harakatlantiruvchi sunʼiy mushak” texnologiyasi yordamida u kuch, tezlik, aniqlik va moslashuvchanlikda yangi standartlarni o‘rnatmoqda. Misol uchun, Y-Hand M1 28,7 kilogramm yukni bemalol ushlay oladi, barmoq uchlaridagi harakat aniqligi esa 0,04 millimetrni tashkil etadi.

Kompaniya shuningdek, insonga eng yaqin bo‘lgan X-Bot gumanoidini ham taqdim etdi. Ushbu ko‘p maqsadli robot 51 ta erkinlik darajasiga, chuqurlikni aniqlovchi kameraga va 360 darajali lidarga ega. WBC+MPC boshqaruv tizimi esa robotga doimiy ravishda o‘rganish va yurish harakatlarini mustaqil takomillashtirish imkonini beradi.

W-Bot esa dunyodagi eng kichik (atigi 0,2 m²) shassiga ega g‘ildirakli gumanoid sifatida eʼtirof etildi. Oyoqlarining noyob bionik tuzilishi robotga yerda o‘tirgan holda ishlashga yoki 2,2 metr balandlikkacha ko‘tarilishga sharoit yaratadi. Uning yetti bo‘g‘inli qo‘llari 20 kilogrammgacha yuk ko‘tara oladi.

Yana bir muhim yangilik – yuqori sezgirlikka ega X-Hand M1 qo‘lidir. U 11 ta erkinlik darajasi va 530 dan ortiq taktil sensorlar bilan jihozlangan. Bu esa murakkab va nozik harakatlarni bajarishda yangi imkoniyatlar ochadi.

Daqi Yuequan Bionic Technology kompaniyasining ushbu yutuqlari bionik qo‘llar va gumanoid robotlar rivojida muhim qadam bo‘lib, inson va robot o‘rtasidagi chegaralarni yana-da qisqartirmoqda. Bunday texnologiyalar yaqin kelajakda tibbiyot, sanoat va kundalik hayotda keng qo‘llanilishi kutilmoqda.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan