Pekinda Xitoydagi eng yirik odamsimon robotlarni tayyorlash markazi ishga tushirildi. U o‘ziga xos «maktab» vazifasini bajarib, mashinalarni zavod va fabrikalarga yoki maishiy xizmatga yuborishdan oldin o‘qitadi. Markaz ishlab chiqarish va yashash joylaridagi real sharoitni imitatsiya qiladi. Bu esa robotlarga jo‘natmalarni saralashdan tortib, ovqat tayyorlashgacha bo‘lgan vazifalarni amaliyotda o‘zlashtirish imkonini beradi.

Robototexnikadagi asosiy muammo – o‘qitish uchun sifatli va tizimlashtirilgan ma’lumotlarning (datasetlarning) yetishmasligidir. Avvallari kompaniyalar robotlarni mustaqil ravishda o‘qitardi, bu esa turli xil va tarqoq natijalarga olib kelardi. Yangi «maktab» jarayonni standartlashtiradi va butun soha uchun foydali bo‘lgan markazlashgan ma’lumotlar bazasini yaratadi.
Markaz ikki qavatli bo‘lib, u yerda sanoat va turar-joy maydonlari haqiqiy o‘lchamda aks ettirilgan – rulonlarni saralash va jo‘natmalarni qadoqlashdan tortib, ovqat pishirish va yotoqxonani yig‘ishtirishgacha. O‘quv modullari («yacheykalar») turli ish va maishiy ssenariylarni yaratish uchun oson o‘zgartiriladi. Ularning har birida robotlar instruktorlar nazorati ostida aniq vazifalarni bajaradi, barcha harakatlar esa qayd etilib, tahlil qilinadi.
Jarayon markazida bo‘yi 1,66 metrli «Kuafu» roboti turadi. O‘quv markazida robotlar to‘rtta asosiy yo‘nalishdan (sanoat, «aqlli uy», keksalarga qarash va 5G integratsiyasi) birini tanlab, jami 16 xil fan bo‘yicha ixtisoslashadi.
Masalan, bo‘limlardan birida robotga «aqlli uy» uchun «xavfsiz qadoqlash» vazifasi o‘rgatilgan. Instruktorlardan biri VR-garnitura va kontrollerlar orqali robotni masofadan boshqarib, pufakchali plyonkani o‘rash va pultni qutiga solishni ko‘rsatgan bo‘lsa, ikkinchisi kompyuterda ma’lumotlarni qayd etib borgan. Odatda bitta ssenariyni o‘zlashtirish uchun 7-8 kun ketadi, robot esa har bir harakatni minglab marta takrorlaydi.
Robotlar allaqachon 20 dan ortiq ko‘nikmani (jumladan, materiallarga ishlov berish, sifat nazorati va yetkazib berishni) 95 foizdan yuqori samaradorlik bilan o‘zlashtirdi.
Markazdagi elektron tabloda «a’lochi bitiruvchilar» ro‘yxati osilgan. Ushbu androidlar hozirda Xitoyning China FAW Group zavodida yuk tashuvchi, Shenzhen Capital Groupda kuryer, China Southern Power Gridda elektr tarmoqlari inspektori yoki Zhongguancun Forumda (yuqori texnologiyalar bo‘yicha davlat platformasi) maslahatchi bo‘lib ishlamoqda.
Markazda 110 nafar xodim faoliyat yuritadi. Taxminlarga ko‘ra, majmua yiliga millionlab yuqori sifatli ma’lumotlarni generatsiya qilishi mumkin.