Karlsrue Texnologiya Instituti (KIT) olimlari faqat atrofdagi Wi-Fi signallaridan foydalanib, odamlarni aniqlay oladigan yangi usulni taqdim etdi.

Image credit: hightech.plus

Bu texnologiya uchun maxsus sensorlar yoki kanal holati haqidagi maʼlumotlar (CSI) talab etilmaydi — u oddiy, mavjud Wi-Fi tarmog‘i va unga ulangan qurilmalarning o‘zaro taʼsirini tahlil qiladi. Natijada radioto‘lqinlar asosida fotosuratga o‘xshash “tasvir” hosil bo‘ladi. Bu “tasvir” yaqin atrofda kim borligi, ularning tana holati va harakatlari haqida batafsil maʼlumot beradi.

Tizimning asosiy elementi — bu tarmoqqa ulangan qurilmalar tomonidan muntazam ravishda shifrlanmagan holda yuboriladigan nurni shakllantirish bo‘yicha teskari aloqa signallari (beamforming feedback indicators, BFI). Bu maʼlumotlar turli burchaklardan fazoviy “tasvir” yaratish uchun ishlatiladi va keyinchalik shaxsni aniqlashga xizmat qiladi. Mashinali o‘rganish modellari yordamida shaxsni tanish bir necha soniyada amalga oshadi. Dastlabki sinovlarda 197 nafar ko‘ngilli ishtirokchining yurishi yoki tana holatidan qatʼi nazar, ularni aniqlashda deyarli 100% aniqlikka erishilgan.

Eng eʼtiborli jihati shundaki, texnologiya insonning o‘zida faol ulangan qurilma bo‘lmasa ham ishlayveradi. Tizim buning uchun yaqin atrofdagi boshqa gadjetlardan kelayotgan signallarni tahlil qiladi. Bu esa, nazariy jihatdan, istalgan Wi-Fi routerni yashirin kuzatuv vositasiga aylantirishi mumkin. Masalan, biror kishi faol tarmoq mavjud kafe yonidan o‘tsa, uning harakati o‘ziga bildirmasdan qayd etilishi mumkin.

Anʼanaviy kuzatuv usullari (kameralar yoki videodomofonlar) allaqachon mavjud. Biroq, Wi-Fi tarmoqlarining keng tarqalganini hisobga olsak, radiosignallarga asoslangan bunday yashirin tizimlar uylar, ofislar va jamoat joylarida yangi, keng qamrovli monitoring imkoniyatlarini yaratadi. Bu holat yangi texnologiyani qo‘llashning huquqiy va axloqiy meʼyorlari borasida jiddiy savollarni keltirib chiqaradi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan