Yaponiyaning Jizai kompaniyasi Pixar studiyasining ramzi bo‘lgan kichik Lyukso nomli chiroqqa o‘xshash Mi-Mo robotini yaratdi. Robot sunʼiy intellektning bir nechta modellari tomonidan boshqariladi, bu esa unga keng imkoniyatlar beradi.

Apple‘ning robototexnika bo‘limi tomonidan ilgari taqdim etilgan loyihadan farqli o‘laroq, Mi-Mo harakatlanish qobiliyatiga ega. Sunʼiy intellekt yordamida u vizual, ovozli va boshqa signallarga javob berib, mustaqil ravishda “fikrlay oladi” va harakat qiladi; shuningdek, masofadan boshqarish funksiyalari ham mavjud. Robot tashqi ko‘rinishidan taburetkani eslatadi: yog‘ochdan yasalgan sakkizta oyoqli stul. Mi-Mo egasi robotning imkoniyatlaridan kelib chiqib, uning uchun ilovalarni mustaqil ravishda yaratishi yoki ishlab chiqaruvchiga buyurtma berishi mumkin.
Mi-Mo taxminan 8 kg og‘irlikda bo‘lib, 80×45×45 sm o‘lchamga ega. Oyoqlari 18 ta va reflektor bilan tugaydigan “bo‘yni”da 4 ta bo‘g‘im mavjud. Lampochka o‘rniga 720×720 pikselli 4 dyuymli dumaloq displey o‘rnatilgan va tashqi dunyo signallari 4608×2592 pikselli kamera yordamida qayd etiladi.
Yuqori qismi osongina olib tashlanadi – unga qo‘shimcha uskunalar yoki kompaniya logotipini joylashtirish mumkin. Jizai Mi-Mo chizmalarini taqdim etishga tayyor, bu esa egalariga nafaqat dasturiy, balki apparat o‘zgarishlarini ham kiritish imkonini beradi. Masofadan boshqarish V-Sido dasturiy taʼminoti yordamida amalga oshiriladi, uning litsenziyasi alohida sotib olinishi lozim.
Amalda Mi-Mo chakana savdo, umumiy ovqatlanish va sog‘liqni saqlash sohalarida qo‘llanilishi mumkin. U tadbirlarda va taʼlim muassasalarida va umuman, harakatlanish hamda inson bilan muloqot qilish qobiliyatiga ega robotlarga talab bo‘lgan barcha joylarda foydali bo‘ladi. Jizai hamkorlikka ochiqligini bildirmoqda. Hozircha Mi-Mo narxi oshkor qilinmagan.