Figure AI startapi (Kaliforniya, AQSh) odamsimon robotlarni seriyali ishlab chiqarish uchun birinchi BotQ liniyasini ishga tushirganini maʼlum qildi. Korxona quvvati yiliga 12 ming yoki kuniga 30 ga yaqin robotni tashkil etadi. Kelgusi yillarda ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada oshadi va Figure robotlari kundalik vazifalarni bajarish uchun zavodlar va fuqarolarning uylariga yetkaziladi.

Xabar qilinishicha, ishlab chiqarishga Helix neyron tarmog‘i boshqaradigan uchinchi avlod Figure 03 modeli kiritilgan. Figure AI kompaniyasi o‘zining odamsimon robotining birinchi modeli – Figure 01‘ni 2023 yil oktyabrda taqdim etgan edi. Bir yil o‘tgach, Figure 02 modeli chiqdi. Figure 03 seriyali roboti oldingi ishlanmalarni qayta ko‘rib chiqish natijasi bo‘ldi: uning qismlari ommaviy va tez ishlab chiqarishni hisobga olgan holda loyihalashtirilgan. Agar dastlabki modellar uchun raqamli boshqaruvli dastgohlarda detallarga bir necha hafta ishlov berish talab qilingan bo‘lsa, seriyali versiyada ko‘plab komponentlar har 20 sekundda shtamplanadi.
Figure AI kompaniyasining roboti oldindan o‘rgatishsiz, faqat ovozli boshqaruvga tayanib buyruqlarni bajara olishi bilan ajralib turadi. Bu robotlar o‘z “hamkasblarini” ishlab chiqarishda ham ishtirok etadi. Natijada kompaniya konveyer liniyasidan voz kechib, detallarni tashish va saralash bo‘yicha inson mehnatini robotlar bilan almashtirishi mumkin. Xususan, ular akkumulyator elementlarini sinovdan o‘tkazadi va ularni yangi robotlar uchun bloklarga yig‘adi.
Ishlab chiqarish jarayonlari takomillashib borishi bilan, kompaniya to‘rt yil ichida gumanoidlar ishlab chiqarish hajmini yiliga 100 000 gacha yetkazishni rejalashtirmoqda.