Rossiyaning Neiry biotexnologiya kompaniyasi miyasiga neyrointerfeys o‘rnatilgan «patli dronlar» – kiborg-kaptarlarni keng ommaga taqdim etdi. Bir qarashda oddiy qushlardan farq qilmaydigan bu jonzotlarning bosh qismidan chiqib turgan ingichka simlar va orqasiga o‘rnatilgan ixcham elektronika bloki ularning biotexnologik tabiatini fosh etib turadi.

Image credit: hightech.plus

Kompaniya mutaxassislarining ta’kidlashicha, bunday biodronlar oddiy kaptarlar kabi uzoq umr ko‘radi, biroq ularga murakkab parvoz vazifalarini yuklash mumkin. Ular asosan ekologik monitoring, sanoat obyektlarini qo‘riqlash, qidiruv-qutqaruv ishlari va xavfsizlik nazoratida qo‘llash uchun mo‘ljallangan.

Boshqaruv qanday ishlaydi? Neyrochip o‘rnatilgach, qushni maxsus o‘rgatishga hojat qolmaydi – u to‘g‘ridan-to‘g‘ri masofadan boshqariladigan dronga aylanadi. Miyaning ma’lum qismlarini neyrostimulyatsiya qilish orqali kaptarda kerakli yo‘nalishga uchish uchun «tabiiy xohish» uyg‘otiladi. Bu operatorga biodronni xuddi kvadrokopter kabi oson boshqarish imkonini beradi.

Neiry vakillarining so‘zlariga ko‘ra, biodronlar texnik qurilmalarga nisbatan qator afzalliklarga ega:

  • Uzoq parvoz: Qushlar tabiiy energiyasi hisobiga an’anaviy dronlarga qaraganda uzoqroq masofaga va uzoq vaqt davomida ucha oladi. Elektronika tizimi esa orqa qismidagi kichik quyosh panellaridan quvvatlanadi.

  • Xavfsizlik: Biodronlarning qulab tushish yoki texnik nosozlik tufayli aholiga zarar yetkazish xavfi minimal darajada. Shu sababli ularni zich shahar muhitida qo‘llash xavfsiz deb baholanmoqda.

Ishlab chiqaruvchilar implantatsiya jarayonini ham soddalashtirishgan. Yangilangan stereotaksik qurilma yordamida elektrodlarni KT yoki MRT kabi qimmat uskunallarsiz ham miyaning kerakli nuqtalariga aniq joylashtirish mumkin. Kompaniya operatsiyadan keyin qushlarning 100 foiz omon qolishini ta’minlashni maqsad qilgan.

Loyiha doirasida shaxsiy ma’lumotlar himoyasi ham unutilmagan: biodron kameralari sun’iy intellekt yordamida odamlarning yuzi va shaxsiy obyektlarini avtomatik ravishda xiralashtiradi.

Neiry asoschisi Aleksandr Panovning aytishicha, texnologiya faqat kaptarlar bilan cheklanib qolmaydi. Kelajakda kattaroq yuk tashish uchun qarg‘alar, qirg‘oqlarni nazorat qilish uchun baliqchi qushlar (chayka) va okean ustidagi kuzatuvlar uchun albatroslardan foydalanish rejalashtirilgan.

Ayni paytda loyiha yakuniy sinov bosqichida turibdi va kompaniya elektr tarmoqlari hamda gaz inshootlarini monitoring qilish uchun biodronlarni tajriba tariqasida ishga tushirishga tayyor. Ma’lumot o‘rnida, Neiry bundan avval ham shov-shuvli loyihalarni taqdim etgan edi: 2024-yilda savollarga javob bera oladigan «Pifiya» laqabli kalamush namoyish qilingan bo‘lsa, 2025-yilda sut mahsuldorligini oshirish maqsadida sigirlarga neyrochip o‘rnatish rejasi e’lon qilingandi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan