Phantom MK-1 odamsimon robotining bo‘yi o‘rtacha insonnikidek bo‘lib, vazni taxminan 80 kg. U yuqori xavfli jangovar vazifalarni bajarish uchun loyihalashtirilgan, ammo sanoat maqsadlarida ham qo‘llanilishi mumkin. Shu tariqa, Foundation o‘zini ochiqchasiga harbiy robotlar ishlab chiqaruvchisi sifatida tanishtirayotgan kam sonli kompaniyalardan biriga aylandi. Bosh direktor Sankayet Patxakning fikricha, jang maydonidagi xavfli vazifalarni odamlar emas, aynan androidlar bajarishi kerak.

Image credit: hightech.plus

Avvalgi maqolamizda 2026-yilgacha 10 000 ta robot ishlab chiqarish maqsadi haqida yozgan edik. Endilikda Foundation’ning ishlab chiqarish rejalari yanada kengaydi. Forbes xabariga ko‘ra, Patxak endi joriy yilda 40 ta robotni ishga tushirishni, 2026-yilga kelib ularning sonini 10 000 taga, 2027-yil oxiriga qadar esa odamsimon robotlar sonini 50 000 taga yetkazishni rejalashtirmoqda.

Phantom MK-1 jangovar roboti haqida yaqinda ma’lum bo‘ldi, shu bois kompaniya rahbariyatining ikki yil ichida 50 ming dona robot ishlab chiqarish bo‘yicha ulkan rejalari juda optimistik ko‘rinadi. Patxak buni tan oladi, biroq rivojlanishning bunday tez sur’atlarini sun’iy intellekt texnologiyalari va yuritmalar (privodlar) muvaffaqiyatli xarid qilingani, bu esa ishlanma vaqtini qisqartirgani bilan izohlaydi. Shuningdek, Tesla, Boston Dynamics, SpaceX va 1X kompaniyalarining sobiq xodimlaridan iborat samarali boshqaruv jamoasi ham bunga hissa qo‘shgan. Xususan, Foundation ishlab chiqarish rahbari ilgari Tesla Model X va Model Y ishlab chiqarishni kengaytirish ustida ishlagan bo‘lib, boshlang‘ich bosqichda haddan tashqari avtomatlashtirishdan qochish strategiyasini ishlab chiqqan.

Ma’lumotlarni qayta ishlashni soddalashtirish uchun Phantom MK-1 muhandislari aksariyat hollarda lidarlardan voz kechishgan. Oddiy kameralarga urg‘u berilishi ekstremal sharoitlarda ishlash ishonchliligini oshirishi ko‘zda tutilgan. Robot patentlangan sikloid reduktorli yuritmalar yordamida harakatlanadi. Ular mustahkamlik, shovqinsiz ishlash va orqaga yurish imkoniyatini ta’minlaydi. Robotning qo‘llari o‘rniga esa qurol-yarog‘ o‘rnatish mumkin bo‘ladi.

Foundation o‘z robotlarini sotishni emas, balki ularni yiliga taxminan 100 ming dollarga ijaraga berishni rejalashtirmoqda.

Jamoatchilikni tinchlantirish uchun Patxak Phantom to‘liq avtonom «qotil mashina» bo‘lmasligini ta’kidladi. Xuddi jangovar dronlar misolida bo‘lgani kabi, halokatli qurollarni qo‘llash to‘g‘risidagi qarorni baribir inson qabul qiladi. Bundan tashqari, mexanik askarlar quruqlikdagi aniq operatsiyalarni bajara oladi, bu esa aviazarbalar yoki og‘ir qurollarga qaramlikni kamaytiradi va natijada yondosh talafotlar (tinch aholi va binolarga zarar) qisqarishiga olib keladi.

Biroq Forbes buning aks ta’siri ham bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydi. Askarlar uchun xavfning yo‘qolishi siyosatchilarga harbiy kuch ishlatish bo‘yicha qaror qabul qilishni osonlashtirishi mumkin, bu esa nizolarni harbiy yo‘l bilan hal qilish ehtimolini kamaytirmaydi, aksincha oshiradi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan