Sun’iy intellektni ishlab chiqishdagi eng katta muammolardan biri — algoritm aynan qanday va nima uchun qaror qabul qilishini tushunishning imkonsizligidir. Bu muammoga yechim topish maqsadida olimlar mashinaning murakkab strategiyalarini tushunarli psixologik portretlarga aylantiradigan yangi usulni yaratdilar. Ular AIni tartibsiz (xaotik) muhitga joylashtirib, uni «evolyutsiya» qilishga majburlashdi, so‘ngra boshqa bir AI modeli yordamida «qora quti» ichiga nazar solib, uning «shaxsiyati»ni tasvirlab berishdi.

Zamonaviy AI algoritmlari ajoyib natija beradigan, ammo yaratuvchilari uchun tushunarsiz bo‘lgan strategiyalarni ishlab chiqmoqda. Tadqiqotchilar bu yechimlar nega ishlayotganini izohlab bera olmaydilar. «Interpretatsiya (talqin) muammosi» deb ataladigan bu holat xavfsiz AI yo‘lidagi asosiy to‘siqlardan biridir.
Yaqinda arXiv platformasida Izmir texnologiya instituti olimlari AI harakatlari ortida nima turganini anglashga yordam beradigan yangi yondashuvni taklif etishdi. Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, sun’iy intellekt xaos va stress omillariga duch kelganda, ilgari faqat insonga xos deb hisoblangan individual shaxs xususiyatlarini eslatuvchi strategiyalarni rivojlantirishi mumkin ekan.
Olimlar AIga «o‘yinlar nazariyasi»dan mashhur «Mahbus dilemmasi»ni hal qilishni taklif etishdi. Shartga ko‘ra, ikki o‘yinchi hamkorlik qilish yoki xoinlik qilishdan birini tanlaydi.
-
Agar ikkalasi hamkorlik qilsa (jim tursa), kichik «jarima» oladi.
-
Agar biri sotib, ikkinchisi jim tursa, sotqin «ozodlikka» chiqadi, sherigi esa katta muddatga qamaladi.
-
Agar ikkalasi ham sotsa — ikkisi ham o‘rtacha jazo oladi. Asosiy dilemma: hamkorlikmi yoki sotqinlik? Takroriy o‘yinlarda agentlar eng ko‘p foyda keltiradigan strategiyani ishlab chiqishlari kerak edi.
Avvalgi simulyatsiyalar ideal va steril muhitda o‘tkazilgan. Endi esa olimlar beshta stress omili bo‘lgan «God Mode» (Ilohiy rejim)ni ishga solishdi: agentlarning xatolari, mukofotning to‘satdan pasayishi, xiyonat vasvasasi, xotirani yo‘qotish va raqibni kuzatish imkoniyati.
Tabiiy tanlanishga o‘xshash algoritm yordamida agentlar 100 avlod davomida rivojlanib bordi: muvaffaqiyatli strategiyalar «chatishtirildi», samarasizlari esa o‘yindan chiqarib tashlandi. Natijada o‘ziga xos xulq-atvor xususiyatlariga ega bo‘lgan moslashuvchan agentlar shakllandi.
Ideal muhitda AI yuqori samaradorlik ko‘rsatdi, ammo nosozliklarga tez uchradi. Xaotik sharoitlarda esa, aksincha, o‘z xususiyatlariga ko‘ra to‘laqonli «shaxslar»ni eslatuvchi, barqaror va murakkab strategiyaga ega tizimlar omon qoldi.
Eng kuchli modellarni tahlil qilish uchun olimlar to‘rtta mezonni o‘lchadilar: tajovuzkorlik, kechirimlilik, xatolarga chidamlilik va ochko‘zlik. Keyin bu ma’lumotlar GPT-5.1 modeliga uzatildi va u raqamli ko‘rsatkichlarni batafsil psixologik profillarga aylantirdi. Aniqlangan «shaxslar» orasida «Paranoik-patsifist» laqabli agent ham bor edi: u ehtiyotkor, hamkorlikka moyil, ammo xiyonatga darhol javob qaytaradi.
Bu usul Aining «qora quti»si ichiga nazar solish va strategiyalar nega ishlayotganini tushunish imkonini beradi. Bu esa tushuntiriladigan sun’iy intellekt (XAI) yaratishga yo‘l ochadi, tizimlar ishonchliligini oshiradi va real dunyoda inson-mashina hamkorligini mustahkamlaydi.