Ilon Maskning bayonotidan so‘ng texnologik singulyarlik haqidagi munozaralar yana avj oldi. Tesla va SpaceX asoschisi insoniyat allaqachon rivojlanishning bu bosqichiga kirganini, 2026-yil esa sun’iy intellekt inson imkoniyatlaridan sifat jihatidan ustun bo‘la boshlaydigan «singulyarlik yili» bo‘lishini ta’kidladi. Bu taxmin 2045-yilga kelib shunday keskin o‘sishni kutayotgan ko‘plab ekspertlarning ehtiyotkorroq bashoratlaridan farq qiladi.

Muhokamaga Midjourney asoschisi Devid Xoltsning posti sabab bo‘ldi. U zamonaviy AI modellari yordamida qisqa vaqt ichida o‘tgan o‘n yillikdagiga qaraganda ko‘proq dasturlash loyihalarini amalga oshirganini aytdi. Mask bunga X ijtimoiy tarmog‘ida shunday javob qaytardi:

«Biz Singulyarlikka kirdik. 2026-yil — Singulyarlik yili».

Singulyarlik nima? Texnologik singulyarlik tushunchasi futurolog Rey Kurtsveyl va uning 2005-yilda nashr etilgan «Singulyarlik yaqin: Insoniyat biologiyadan o‘zib ketganda» kitobi tufayli keng ommalashdi. Singulyarlik deganda sun’iy intellekt inson aql-zakovati dan o‘zib ketib, bashorat va nazorat qilish qiyin bo‘lgan tezkor texnologik va ijtimoiy o‘zgarishlarni boshlab yuboradigan payt tushuniladi.

Biroq Kurtsveylning o‘zi ancha vazmin bashorat qilmoqda. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, umumiy sun’iy intellekt (AGI) taxminan 2029-yilda paydo bo‘lishi mumkin, to‘liq singulyarlik esa 2045-yildan oldin yuz bermaydi. Uning fikricha, o‘sha paytga kelib nobiologik intellekt insoniyatning jami aqliy salohiyatidan milliard marta kuchliroq bo‘ladi.

Maskning bayonoti internetda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Foydalanuvchilar AI rivojlanish sur’atlari haqiqatan ham burilish nuqtasi yaqinlashganidan dalolat beradimi yoki bu shunchaki haddan tashqari optimizmmi, degan savol ustida bahslashmoqda. Sharhlovchilarning bir qismi buni ishtiyoq bilan qabul qilib, singulyarlikni unumdorlikning keskin o‘sishi, ilmiy yutuqlar va davosiz kasalliklarga davo topilishi bilan bog‘ladi. Boshqalar esa ehtiyotkorlikka chaqirib, nazoratsiz texnologiyalar xavfini eslatdi.

Bu bayonot OpenAI rahbari Sem Altmanning shu mavzudagi fikrlaridan roppa-rosa bir yil o‘tib yangradi. 2025-yil boshida Altman insoniyat singulyarlikka yaqin ekanligini, ammo uning mohiyati va oqibatlari mavhumligini aytgan edi.

Shu bilan birga, Anthropic prezidenti Daniela Amodey «umumiy sun’iy intellekt» (AGI) tushunchasi asta-sekin o‘z ahamiyatini yo‘qotayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, avvalboshda bu atama AI imkoniyatlari insonnikiga tenglashadigan paytni anglatgan bo‘lsa-da, bir qator mezonlarga ko‘ra bu dovon allaqachon oshib o‘tildi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan