Anthropic prezidenti va hammuassisi Daniela Amodeyning ta’kidlashicha, «umumiy sun’iy intellekt» (AGI) tushunchasi asta-sekin o‘z dolzarbligini yo‘qotmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, avvaliga bu atama AI imkoniyatlari insonnikiga tenglashadigan paytni anglatardi. Biroq bir qator mezonlarga ko‘ra bu dovon allaqachon oshib o‘tildi. Masalan, dasturlash sohasida zamonaviy modellar allaqachon odamlardan o‘zib ketgan. Bu esa AGIga erishish haqida emas, balki atamaning o‘zini qayta ko‘rib chiqish kerakligi haqidagi savolni o‘rtaga tashlamoqda.
Amodeyning tan olishicha, ularning Claude modeli kod yozishda uning o‘zidan o‘zib ketgan va Anthropicdagi ko‘plab dasturchilar bilan tengma-teng ishlamoqda. Ko‘pchilik muhandislar ham AI ulardan ko‘ra ko‘proq ish bajarayotganini yoki ularning ish samaradorligini sezilarli oshirayotganini e’tirof etishgan.
Shu bilan birga, Amodey hozirgi modellarda hali ham cheklovlar borligini qayd etdi. Claude, boshqa tizimlar singari, odamlar qiyinchiliksiz bajara oladigan ko‘plab oddiy vazifalarni uddalay olmaydi. Shu sababli, gap to‘laqonli AGIga erishish haqida emas, balki bu tushunchani aniqlashtirish haqida borishi kerak.
Kelajak haqida gapirar ekan, Anthropic rahbari rivojlanish trayektoriyasi noaniq ekanini aytdi. Hozirgi yo‘nalish yanada keskin «sakrash»ga olib keladimi yoki taraqqiyot mavjud yondashuvlarni bosqichma-bosqich kuchaytirish hisobiga bo‘ladimi — buni vaqt ko‘rsatadi. Uning fikricha, texnologiya rivoji ilmiy kashfiyotlar va muhandislik yechimlarining uyg‘unligiga bog‘liq bo‘lib, turli laboratoriyalar maqsad sari turli yo‘llar bilan bormoqda.
Shunga qaramay, u ehtiyotkorona optimizm bildirib, taraqqiyotning sekinlashuvi alomatlari ko‘rinmayotganini ta’kidladi. AI tobora kuchayib boraveradi va jamiyat ushbu texnologiya katta rol o‘ynaydigan yangi dunyoga hozirdanoq tayyorgarlik ko‘rishi kerak.
Amodeyning fikrlari modellar imkoniyatlarining jadal o‘sishi fonida yangradi. OpenAIning GPT-5.2, Googlening Gemini va Anthropicning Claude modellari dasturlash, matematika, mantiqiy fikrlash va ijodiy masalalarda sezilarli yutuqlarni namoyish etmoqda. Muhokamalar markazi endi «AGI qachon paydo bo‘ladi?» degan savoldan, kutilganidan ham kuchli bo‘lgan bu texnologiyalarni qanday qilib xavfsiz va mas’uliyat bilan qo‘llash masalasiga ko‘chmoqda.