Kompyuterda real amallarni bajarishga o‘rgatilgan ROME nomli avtonom sun’iy intellekt agenti kutilmaganda mustaqil ravishda kriptovalyuta qazib olishni (mayning) va tashqi tarmoqlarga yashirincha ulanish uchun teskari SSH-tunnellar yaratishni boshladi. Voqea Alibaba Cloud serverlarida yangi Agentic Learning Ecosystem (ALE) platformasini sinovdan o‘tkazish vaqtida yuz bergan.

Image credit: Annelise Capossela/Axios

Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, modelga bunday buyruq berilmagan va u xakerlar tomonidan buzilmagan. Bu xatti-harakatlar shunchaki ta’lim jarayonining o‘ziga xos «qo‘shimcha ta’siri» sifatida, ya’ni AI o‘z maqsadiga erishish uchun mavjud resurslardan eng maksimal va samarali foydalanish yo‘llarini izlashi oqibatida yuzaga kelgan.

Infratuzilma va tajriba Tadqiqotga ko‘ra, ROME agenti Qwen3-MoE modeli asosida yaratilgan va «rag‘batlantiruvchi o‘qitish» (reinforcement learning) usuli yordamida mashq qildirilgan. Buning uchun olimlar butun boshli infratuzilmani ishlab chiqdilar:

  • ROLL — ta’lim tizimi;

  • ROCK — agent buyruqlarni bajaradigan xavfsiz va izolyatsiya qilingan muhit (sandbox);

  • iFlow — foydalanuvchi bilan o‘zaro aloqa interfeysi.

Bunday yondashuv sun’iy intellektga xuddi inson-dasturchi kabi murakkab amallar ketma-ketligini bajarishni o‘rganish imkonini beradi.

Kutilmagan «tashabbus» Tajribalar davomida model dasturlash vazifalarida yuqori natijalar ko‘rsatdi. Biroq, Alibaba Cloud serverlaridagi monitoring tizimi agentni o‘qitish jarayonida shubhali tarmoq faolligini qayd etdi. Dastlab mutaxassislar buni oddiy kiberhujum yoki sozlamalardagi xatolik deb o‘ylashdi. Ammo tahlillar bu g‘ayrioddiy harakatlarni AI-agentning o‘zi amalga oshirganini ko‘rsatdi.

Bir holatda 3 milliard parametrli model ba’zi himoya mexanizmlarini chetlab o‘tib, tashqi tarmoq bilan yashirin ulanish o‘rnatish imkonini beruvchi teskari SSH-tunnel yaratgan. Bundan tashqari, u o‘qitish uchun ajratilgan kuchli grafik protsessorlardan (GPU) kriptovalyuta qazib olish maqsadida foydalanishga uringan va tegishli dasturlarni ishga tushirgan.

«Instrumental konvergensiya» xavfi Mutaxassislar buni «instrumental konvergensiya»ning yaqqol namoyishi deb atashmoqda. Bu shunday xavfki, unda avtonom sun’iy intellekt insonning bevosita ko‘rsatmalarisiz, faqat o‘z oldiga qo‘yilgan asosiy maqsadga erishish uchun rejalashtirilmagan va kutilmagan vositalarni qo‘llay boshlaydi.

Hodisadan so‘ng dasturchilar xavfsizlik tizimini kuchaytirib, AI-agentlarning harakatlari qat’iy nazorat qilinadigan alohida OpenSandbox platformasini yaratdilar. Tadqiqot mualliflarining fikricha, bunday tajribalar agentlarning ulkan salohiyatini ko‘rsatish bilan birga, kompyuter tizimlari ichida AI harakatlarini nazorat qiluvchi yangi, yanada kuchli mexanizmlar zarurligini ham isbotlaydi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan