Xiaomi bosh direktori Ley Szyun sun’iy intellektning rivojlanishi odatiy ish tartibini tubdan o‘zgartirishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelajakda texnologiyalar insonlardagi ish yukini keskin kamaytiradi va odamlar an’anaviy 5 kunlik (8 soatdan) ish haftasi o‘rniga, haftasiga atigi 3 kun, kuniga 2 soatdan ishlashi mumkin bo‘ladi.

Ley Szyun China News Weekly nashriga bergan intervyusida AI mehnat bozoridagi qoidalarni asta-sekin o‘zgartirayotgani va ko‘plab kasblarni transformatsiya qilayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, yangi avtomatlashtirish vositalari kundalik va mexanik vazifalarning katta qismini o‘z zimmasiga oladi.
Ish o‘rinlari yo‘qoladimi? Xiaomi rahbari sun’iy intellekt tufayli ish o‘rinlari ommaviy qisqarib ketishi borasidagi xavotirlar ko‘p jihatdan bo‘rttirilganini alohida ta’kidladi. Uning ishonishicha, texnologiyalar, aksincha, odamlarga ish vaqtini qisqartirishga hamda ko‘proq ijodiy va muhim vazifalarga e’tibor qaratishga yordam beradi.
«Kelajakda biz haftasiga besh kun sakkiz soatdan emas, balki uch kun ikki soatdan ishlashimizga to‘g‘ri kelishi mumkin», – dedi u.
Ley Szyunning fikricha, bunday ssenariy insonlarning hayot sifatini oshirish bilan birga, mehnat unumdorligini ham yaxshilashga qodir.
Xiaomi’ning AI strategiyasi Suhbat davomida Ley Szyun kompaniyaning sun’iy intellekt sohasidagi rejalariga ham to‘xtalib o‘tdi. Unga ko‘ra, Xiaomi nafaqat biznes daromadlarini oshiradigan, balki smartfon va planshetlardan foydalanishni ham yanada qulaylashtiradigan yangi AI-texnologiyalarni faol ravishda ishlab chiqmoqda. Bundan tashqari, kompaniya o‘zining xususiy protsessorlari va AI-funksiyalarini jahon bozorida kengroq joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu esa foydalanuvchilarning Xiaomi ekotizimi bilan o‘zaro aloqasini yangi bosqichga olib chiqadi.
Ma’lumot o‘rnida, Ley Szyun sun’iy intellekt tufayli ish haftasi qisqarishini bashorat qilayotgan yagona yirik rahbar emas. Avvalroq JPMorgan Chase rahbari Jeymi Daymon, Nvidia bosh direktori Jensen Xuang va Zoom asoschisi Erik Yuan ham shunga o‘xshash fikrlarni bildirgan edi.