Sunʼiy intellekt bor-yo‘g‘i besh yil ichida butun insoniyatning umumiy aql-zakovatidan o‘zib ketishi, o‘n yil ichida esa odamlar ushbu texnologiya rivojini nazorat qilish imkoniyatidan butunlay mahrum bo‘lishi mumkin. Bunday bashoratni xAI kompaniyasi asoschisi Ilon Mask The Economist jurnali bosh muharriri Zanni Minton Beddousga bergan intervyusida maʼlum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, SI “inson bo‘lish” qobiliyatidan tashqari barcha intellektual vazifalarda odamlardan ustun bo‘ladi. Kelajak iqtisodiyoti esa “raqamli” va “jismoniy” intellektga bo‘linadi, ulardagi ijrochilar vazifasini esa gumanoid robotlar o‘z zimmasiga oladi.

Image credit: hightech.plus

Mask kelajakning eng ehtimoliy ssenariysi sifatida “misli ko‘rilmagan mo‘l-ko‘lchilik davri”ni tilga oldi. Unga ko‘ra, texnologiyalar odamlarni deyarli barcha tovar va xizmatlar bilan taʼminlaydi, mehnat qilish esa xuddi huzur uchun qilinadigan bog‘dorchilik kabi ixtiyoriy mashg‘ulotga aylanadi. Tadbirkorning fikricha, bunday dunyoda pul o‘zining avvalgi ahamiyatini yo‘qotadi, inflyatsiya o‘rnini esa deflyatsiya egallaydi. Sababi robotlar va SI insoniyat isteʼmol qila oladiganidan ko‘proq mahsulot ishlab chiqara boshlaydi.

Ushbu optimistik bashoratlarga qaramay, Mask sunʼiy intellektni yana bir bor ekzistensial tahdid deb atadi va halokatli ssenariy ehtimolini 10-20 foiz atrofida baholadi. Biroq uning taʼkidlashicha, SI rivojlanishini to‘xtatishning endi iloji yo‘q – hatto “stop” tugmasi bo‘lgan taqdirda ham, uni bosish aqlga sig‘maydi, chunki undan keladigan foyda xatarlardan ustun kelishi mumkin. Shu bilan birga, u o‘zi istamagan holda Google‘ga muqobil sifatida OpenAI‘ni yaratish orqali bu texnologik taraqqiyotni yana-da tezlashtirib yuborganini tan oldi.

Mask SI rivojini cheklash o‘rniga, yirik ishlab chiquvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishni taklif qildi. Uning fikricha, yetakchi kompaniyalar xavfsizlik bo‘yicha muntazam uchrashuvlar o‘tkazishi va ehtimoliy xavfli jihatlarni aniqlash uchun yangi modellarni bozorga chiqarishdan 1-2 hafta oldin bir-birlariga sinov uchun taqdim etishi kerak. Agar biror kompaniya jiddiy xavflarni bartaraf etishdan bosh tortsa, raqobatchilar vaziyatga aralashish uchun AQSH yoki Xitoy hukumatini xabardor qilishi lozim.

Shuningdek, Ilon Mask Xitoy modellarini taqiqlash g‘oyasini befoyda deb atadi, chunki bu xitoyliklarning taraqqiyotini baribir to‘xtata olmaydi. Uning fikricha, Xitoyda SI sohasida jahon yetakchisiga aylanish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Qayd etilishicha, mamlakatda allaqachon AQSH, Yevropa va Hindistonni birga qo‘shib hisoblagandagidan ham ko‘proq elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda, Xitoy kompaniyalari esa ilg‘or chiplardan foydalanish imkoniyati cheklanganiga qaramay, hayratlanarli samaradorlikka erishmoqda. Tadbirkor Xitoy litografiya muammosini hal qilishga juda yaqin turganini ham taxmin qildi. Bu o‘z yarimo‘tkazgichlarini ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish hamda SI va robototexnika sohasidagi hukmronlik yo‘lidagi so‘nggi to‘siqni olib tashlash imkonini beradi.

Intervyu davomida tadbirkor yana bir bor OpenAI va uning bosh direktori Sem Altmanni tanqid qilib, tashkilot o‘zining dastlabki ochiq kodli notijorat laboratoriya g‘oyasidan chekinib, yopiq kodli tijorat kompaniyasiga aylanganini taʼkidladi. Shu bilan birga, Mask Anthropic hammuassisi Dario Amodeiga ijobiy baho berib, uni texnologiyalar kelajagi haqida chin dildan qayg‘uradigan prinsipial inson deb atadi. Shuningdek, u aynan OpenAI rahbariyati bilan kelib chiqqan kelishmovchiliklar Anthropic‘ning alohida kompaniya sifatida paydo bo‘lishiga sabab bo‘lganini tasdiqladi.

Raqobatchilar bilan davom etayotgan ommaviy ziddiyatlarga qaramasdan, Mask sunʼiy intellekt ishlab chiquvchilari xavfsizlik masalalarida, albatta, hamkorlik qilishi kerak, deb hisoblaydi. “Agar gaplashish kerak bo‘lsa, gaplashamiz. Shaxsiy kelishmovchiliklarimizni bir chetga surib, butun dunyo manfaati uchun harakat qilamiz”, – dedi u va umumiy maqsad yo‘lida hatto o‘zi yoqtirmaydigan odamlar bilan ham muloqot qilishga tayyor ekanini qo‘shimcha qildi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan