Yaqinda maxfiylikdan chiqarilgan sud hujjatlariga ko‘ra, Anthropic kompaniyasi o‘zining Claude sunʼiy intellektini o‘qitish maqsadida millionlab kitoblarni yashirincha sotib olgan, skanerlagan va yo‘q qilgan. Jarayon davomida AQSHdagi omborlarda maxsus mashinalar kitoblarning muqovalarini kesib tashlagan, shundan so‘ng sanoat skanerlari ularning mazmunini ommaviy tarzda qayta ishlagan. Bir necha millisoniya ichida matn raqamli makonga o‘tkazilib, keyinchalik sunʼiy intellekt modellariga inson tilining ohangi va tuzilishini o‘rgatish uchun ishlatilgan. Jarayon so‘ngida qog‘ozlar chiqindiga aylantirilib, qayta ishlashga yuborilgan va ulardan hojatxona qog‘ozi hamda karton qutilar ishlab chiqarishda foydalanilgan.

Ichki hujjatlarga ko‘ra, Panama loyihasi (bu nom ham maxfiy operatsiyaga, ham moliyaviy firibgarliklarni fosh etuvchi hujjatlarga ishora qiladi) Anthropic‘ning “dunyodagi barcha kitoblarni skanerlash va shu jarayonda ularni yo‘q qilish” bo‘yicha maxfiy rejasi bo‘lgan. Hujjatlarning birida shunday deyiladi: “Biz bu ish bilan shug‘ullanayotganimizni hech kim bilishini istamaymiz”.

Maʼlum bo‘lishicha, loyiha 2024 yil boshida, kompaniya rahbariyati Claude chat-botiga “sifatsiz internet tilidan” nusxa ko‘chirish o‘rniga “chiroyli yozishni” o‘rgata oladigan sifatli matnlarni izlayotgan paytda boshlangan. Startap bir vaqtning o‘zida Better World Books va Buyuk Britaniyada joylashgan World of Books kabi kompaniyalardan o‘n minglab kitoblarni xarid qilgan. Kitoblarni skanerlash va yo‘q qilish ishlari esa pudratchiga topshirilgan. Pudratchining so‘zlariga ko‘ra, kompaniya olti oy ichida 500 mingdan ikki milliongacha kitobni raqamlashtirish uchun tajribali xizmat ko‘rsatuvchi izlagan.

Rahbariyatning fikricha, ushbu tashabbus sunʼiy intellekt modellarining “kollapsini” – yaʼni SI o‘zi yaratgan kontent bilan “ifloslangan” matnlar asosida o‘qitilganda yuzaga keladigan tanazzulni yengishga yordam berishi kerak edi. Zamonaviy internetning aksariyat qismidan farqli o‘laroq, kitoblar hali SI tomonidan yaratilgan kontent bilan aralashmagan, inson tomonidan yozilgan va professional tahrirdan o‘tgan ulkan adabiyotlar bazasini taqdim etadi. Biroq hujjatlardan biriga ko‘ra, Anthropic hammuassisi Ben Mann 2021 yil iyun oyida LibGen “soya kutubxonasidan” (shadow library) mualliflik huquqi bilan himoyalangan katta hajmdagi kontentni yuklab olgan. Ish materiallarida hatto Mann qaroqchi (pirat) kitoblarni yuklab olayotgan paytdagi brauzer skrinshoti ham keltirilgan. Keyingi yili Mann noqonuniy yo‘l bilan olingan kitoblarning to‘liq katalogi bo‘lgan Pirate Library Mirror havolasini xodimlarga ulashib, “Ayni muddao bo‘ldi!!!”, deb yozgan.

Panama loyihasi haqidagi haqiqat faqat bir guruh yozuvchilarning mualliflik huquqini buzish bo‘yicha qo‘zg‘atgan daʼvosi doirasida oshkor etilgan minglab sahifali sud hujjatlaridan maʼlum bo‘ldi. 2024 yilda romannavis Andrea Bartz hamda ilmiy-ommabop asarlar mualliflari Charlz Greber va Kirk Uolles Jonson boshchiligidagi mualliflar Anthropic‘ga qarshi jamoaviy daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, kompaniya noqonuniy qo‘lga kiritilgan kitoblardan foydalanib, mualliflik huquqi qonunlarini buzganini taʼkidlagan. O‘tgan oyda esa hozirda 965 milliard dollarga baholanayotgan Anthropic ishni kelishuv yo‘li bilan hal qilish uchun 1,5 milliard dollar to‘lashga rozi bo‘ldi. Bu summa taxminan 500 mingta asarni qamrab oladi. Daʼvogarlarning yetakchi advokati Jastin Nelson buni mualliflik huquqi bo‘yicha tarixda maʼlum bo‘lgan eng yirik tovon puli deb baholadi.

Bu ish sunʼiy intellekt kompaniyalariga qarshi qo‘zg‘atilgan daʼvolar to‘lqinida kelishuv bilan yakunlangan birinchi ish bo‘ldi. Bugungi kunda Meta, OpenAI, Google va Microsoft ham xuddi shunday ayblovlar bilan daʼvolarga duch kelmoqda. Jamoaviy kelishuvda ishtirok etishdan bosh tortgan bir nechta yozuvchi esa Anthropic‘ga qarshi yakka tartibda sudlashmoqda.

O‘tgan yili chiqarilgan dastlabki qarorda sudya kompaniyaning qonuniy sotib olingan kitoblardan foydalanishi AQSH qonunchiligidagi vijdonan foydalanish (fair use) doktrinasiga mos keladi, deb topgan edi. Shunga qaramay, ushbu qarorda kompaniya sotib olib skanerlagan kitoblar bilan u avvalroq noqonuniy yuklab olgan millionlab kitoblar o‘rtasida aniq chegara belgilangan. Anthropic bosh yuriskonsulti o‘rinbosari Aparna Sridxar Washington Post nashriga bergan izohida shunday deydi: “Sudning 2025 yil iyundagi muhim qarori o‘z kuchida qoladi. Biz kelishuvga erishgan masala materiallardan tadqiqot va ishlanmalar uchun foydalanishimiz mumkinligida emas, balki ularning qanday qo‘lga kiritilgani bilan bog‘liq edi”.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan