WIRED jurnalisti Ris Rodjers McDonald‘s loyallik dasturi orqali kompaniya o‘zi haqida aslida qancha maʼlumot to‘plaganini bilishga qaror qildi. Kaliforniya qonunchiligi bergan huquqdan foydalanib, u kompaniyadan o‘ziga tegishli shaxsiy maʼlumotlarni taqdim etishni so‘radi. Bir necha kundan keyin Rodjers kutilmagan javob oldi: unga 515 sahifalik hujjat yuborildi. Unda jurnalistning McDonald‘s bilan bog‘liq xaridlari va faoliyatiga oid maʼlumotlar bilan birga, uning kelgusidagi xatti-harakatlarini prognoz qiluvchi ko‘rsatkichlar ham bor edi.

Hujjatda Rodjersning buyurtmalari, qaysi restoranlarga borgani, qancha pul sarflagani va hatto Monopoly aksiyasi doirasidagi kodlarni qachon skaner qilganigacha qayd etilgan.

Maʼlumotlar asosida algoritm uning isteʼmol odatlarini muayyan toifalarga ajratgan. Masalan, Rodjers eng ko‘p buyurtma qiladigan mahsulot – katta hajmdagi Diet Coke ekani aniqlangan. Uning McDonald‘sga tashriflari esa asosan “tushlikdan keyingi gazak” va “tezkor tushlik” kabi ssenariylarga kiritilgan.

Ammo hisobotning eng qiziq qismi o‘tmish emas, kelajak haqidagi prognozlar edi.

Algoritm Rodjersning keyingi olti hafta ichida McDonald‘sga o‘rtacha 2,16 marta borishini, har bir buyurtma uchun taxminan 13,49 dollar sarflashini va bu davrda jami xarajati 29,15 dollar atrofida bo‘lishini hisoblagan.

Eng eʼtiborli ko‘rsatkich esa mijozning kompaniyadan ketish ehtimoli – 0 foiz deb baholangani edi.

Albatta, bu raqam Rodjers haqiqatan ham “umrbod McDonald‘s mijozi” bo‘lib qoladi, degani emas. Bu muayyan algoritmik model uning avvalgi xatti-harakatlari asosida yaqin istiqbolda loyallik dasturidan voz kechish ehtimolini amalda nolga teng deb hisoblaganini anglatadi. Biroq aynan shu ko‘rsatkich jurnalistda katta taassurot qoldirgan.

Bu faqat McDonald‘sga xosmi?

WIRED suhbatlashgan mutaxassislarga ko‘ra, bunday maʼlumot to‘plash va ular asosida mijozlarning keyingi xatti-harakatlarini prognoz qilish AQSHdagi yirik kompaniyalar uchun g‘ayrioddiy amaliyot emas.

Loyallik dasturining vazifasi faqat xaridorga bonus yoki chegirma berishdan iborat emas. U kompaniyaga muayyan mijozning isteʼmol profilini shakllantirish imkonini ham beradi: u nimani sotib oladi, qachon keladi, qancha sarflaydi, qaysi takliflarga javob beradi va kelgusida yana xarid qilish ehtimoli qancha?

Bunday maʼlumotlar keyinchalik shaxsiylashtirilgan reklama, aksiya va chegirmalarni tanlashda ishlatiladi.

McDonald‘s vakili WIRED‘ga kompaniya mijozlar maʼlumotlarini himoya qilishga jiddiy yondashishini bildirgan. Uning taʼkidlashicha, boshqa ko‘plab loyallik dasturlarida bo‘lgani kabi, McDonald‘s ham avvalgi xaridlar haqidagi maʼlumotlardan mijozlarga moslashtirilgan taklif va chegirmalar taqdim etish uchun foydalanadi.

Jurnalist algoritm bilan “bahslashish”ga qaror qildi

515 sahifalik hujjatni ko‘rib chiqqan Rodjers Kaliforniya qonunchiligidagi yana bir huquqidan foydalandi – kompaniyadan shaxsiy maʼlumotlarini o‘chirishni so‘radi.

Shundan keyin esa u yana bir qarorga keldi: McDonald‘sga boshqa bormaslik.

Bunga restoran taomlarining sifati yoki narxi emas, aynan algoritmning prognozi turtki bo‘ldi. Rodjers kompaniya tizimi uning ketish ehtimolini 0 foiz deb baholaganini ko‘rgach, bu bashoratni noto‘g‘ri chiqarish istagi paydo bo‘lganini aytgan.

Yaʼni algoritm “bu mijoz ketmaydi” degan xulosaga kelgan bo‘lsa, jurnalist aynan ketish orqali uning prognozini buzmoqchi.

Loyallik dasturi ortida nima bor?

Rodjersning tajribasi zamonaviy raqamli marketingning ko‘pchilik mijozlar deyarli ko‘rmaydigan tomonini ko‘rsatib beradi.

Isteʼmolchi uchun loyallik dasturi – bu bonus, bepul mahsulot, chegirma yoki qulay mobil ilova. Kompaniya uchun esa u ancha qimmatli narsani – mijozning xatti-harakatlari haqida muntazam maʼlumot oqimini beradi.

Bir qarashda oddiy ko‘rinadigan har bir harakat – ilovani ochish, restoran tanlash, buyurtma berish, muayyan mahsulotni qayta-qayta sotib olish, aksiya kodini kiritish – vaqt o‘tishi bilan insonning ancha batafsil isteʼmol profilini shakllantirishi mumkin.

Shundan keyin kompaniya faqat “siz kecha nima sotib oldingiz?” degan savolga emas, balki “ertaga nima sotib olishingiz mumkin?”, “qancha pul sarflaysiz?” va hatto “bizdan ketish ehtimolingiz qancha?” degan savollarga ham algoritmik javob izlay boshlaydi.

Rodjersning 515 sahifalik hisoboti shu jihatdan qiziq: raqamli iqtisodiyotda kompaniyalar isteʼmolchining o‘tmishini qayd etish bilan cheklanmay, uning kelajakdagi qarorlarini ham ehtimollar asosida modellashtirmoqda.

Va bu voqeadagi eng paradoksal holat ham shu bo‘ldi: McDonald‘s algoritmi mijozning ketish ehtimolini 0 foiz deb baholadi – aynan shu prognoz esa mijozning ketishiga sabab bo‘ldi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan