Amerikaning yirik venchur fondi Andreessen Horowitz (a16z) sunʼiy intellekt ilovalari bo‘yicha navbatdagi — beshinchi yillik TOP-100 reytingini eʼlon qildi. Reytingdan ko‘rinib turibdiki, avvalgi yillardagi shiddatli o‘sishdan keyin bozor barqarorlikka kirib bormoqda.

Google kuchaymoqda
Bu yilgi hisobotning eng katta voqeasi — Google‘ning mavqei kuchayishi. Kompaniyaning Gemini ilovasi ham veb, ham mobil reytingda ChatGPT‘dan keyin ikkinchi o‘rinni egalladi.
- Vebda Gemini trafigi ChatGPT ko‘rsatkichining 12 foizi atrofida bo‘lsa, mobilda vaziyat ancha yaqin: foydalanuvchilar soni ChatGPT auditoriyasining deyarli yarmiga yetgan.
- Gemini foydalanuvchilarining qariyb 90 foizi Android‘da, ChatGPT‘da esa bu ko‘rsatkich 60 foiz.
Googlening boshqa xizmatlari ham yuqori o‘rinlarda: AI Studio — birinchi o‘nlikda, NotebookLM — 13-o‘rinda, Google Labs — 39-o‘rinda. Ayniqsa, 2025 yil may oyida taqdim etilgan Veo 3 video modeli Google Labs trafigini 13 foizga oshirdi.
ChatGPT yetakchi bo‘lib qolmoqda
Har qancha raqobat kuchaymasin, ChatGPT hanuz yetakchi. Biroq yangi ishtirokchilar ham jadal o‘smoqda:
- Grok vebda 4-o‘rin, mobilda 23-o‘rinni egalladi. Uning auditoriyasi 2024 yildagi “nol”dan 2025 yilda 20 milliondan ziyod faol foydalanuvchiga yetdi.
- Perplexity barqaror o‘smoqda.
- Claude va DeepSeek turli natija qayd etdi. Masalan, DeepSeek fevral oyidan beri trafigining 40 foizini yo‘qotdi.
Xitoyning alohida o‘rni
Reytingda Xitoy kompaniyalari ham faol namoyon bo‘lmoqda:
- Quark (Alibaba) — 9-o‘rin,
- Doubao (ByteDance) — 12-o‘rin,
- Kimi (Moonshot AI) — 17-o‘rin.
Ularning auditoriyasi asosan ichki bozor hissasiga to‘g‘ri keladi, chunki Xitoyda ChatGPT yoki Claude kabi servislarga cheklovlar mavjud.
Mobil reytingda esa qiziq manzara: eng yaxshi 50 ilovadan 22 tasi Xitoyda ishlab chiqilgan. Ular ko‘pincha “foto va video” yo‘nalishida yetakchi. Masalan, Meitu kompaniyasi BeautyPlus va Wink kabi beshta mahsulot bilan kirdi. ByteDance ham Doubao va Cici yordamchilari bilan faol ishtirok etmoqda.

“Faxriylar” klubi
TOP-100‘ning har bir nashrida qatnashib kelayotgan 14 ta “faxriy” bor. Ular orasida: ChatGPT, Perplexity, Poe, Leonardo AI, VEED, Gamma, QuiliBot, CutOut, Character AI, Midjourney, Photoroom, Eleven Labs, HuggingFace va boshqalar.
Qizig‘i shundaki, ularning atigi 5 tasi o‘z modelini ishlab chiqadi. Qolganlari tashqi manbalardan foydalanadi yoki agregator sifatida ishlaydi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Andreessen Horowitzning beshinchi yillik reytingi shundan dalolat beradi:
- Sunʼiy intellekt ilovalari bozorida dastlabki hayajon pasaydi, endi barqaror raqobat davri boshlandi.
- Google kuchaymoqda, ChatGPT yetakchi bo‘lib qolmoqda.
- Xitoy ilovalari global raqobatda muhim omilga aylandi.
- Faxriylar esa o‘z brendi va ishonchli auditoriyasi bilan bozordagi mavqeini saqlab turibdi.
Sunʼiy intellekt ilovalari endi shunchaki ommaviy emas, balki ixtisoslashuv va segmentatsiya bosqichiga qadam qo‘ymoqda.