Sunʼiy intellekt hammani ijodkorga aylantirdi. Birgina so‘rov (prompt) bilan istalgan odam sunʼiy intellektdan maqola yozishni, kod yaratishni yoki o‘zining “super ko‘rinish”dagi soxta suratini yasashni so‘rashi mumkin. Bunday katta hajmli va kam mehnat talab qiladigan ish internetda “sunʼiy intellekt chiqindisi” (AI slop) tarqalishi borasidagi xavotirlarni kuchaytirdi, deyiladi The Economist xabarida.

Xo‘sh, SI qaysi sohalarni eng ko‘p o‘zgartirmoqda?

1. Kitob nashri

Bugun sunʼiy intellektga asoslangan chat-botlar haqiqiy yozuvchilar bilan bemalol raqobatlasha oladigan matnlarni yaratmoqda. Kornell va Minnesota universitetlarining iqtisodchilari Imke Reymers va Joel Valdfogel 2022 yil noyabr oyida OpenAI o‘zining ChatGPT-3.5 dasturini chiqarganidan so‘ng, Amazon‘da nashr etilgan elektron kitoblar soni keskin oshganini qayd etdi. 2025 yil oxiriga kelib, har oy taxminan 300 000 ta kitob chiqarilgan, holbuki bu ko‘rsatkich chat-bot ishga tushirilishidan avval 100 000 atrofida edi. Tadqiqotchilar kitoblarni maxsus SI filtridan o‘tkazib, bu o‘sishga asosan chat-botlar sabab bo‘lganini tasdiqladi.

2. Yurisprudensiya va huquq

Massachusets texnologiya institutidan Anand Shah va Janubiy Kaliforniya universitetidan Joshua Levi 2023 yildan 2025 yilgacha Amerikada advokatsiz ochilgan fuqarolik daʼvo ishlari soni ikki barobarga oshib, 41 000 taga yetganini aniqladi. Tobora ko‘proq odamlar advokatlarga pul sarflashdan ko‘ra, sunʼiy intellekt yordamida mustaqil ravishda daʼvo arizasi berishni afzal ko‘rmoqda. 1600 ta shikoyat arizasidan iborat tahlilda 2026 yilda berilgan arizalarning 18 foizida aynan sunʼiy intellekt tomonidan yaratilgan jumlalar borligi maʼlum bo‘ldi. Qizig‘i, bunday mustaqil ochilgan ishlar chat-botlar paydo bo‘lishidan avvalgidek muvaffaqiyat darajasini saqlab qolmoqda, bu esa SI ko‘proq odamlarga daʼvolarda g‘olib chiqishga yordam berayotganini ko‘rsatadi.

3. Ilm-fan va tadqiqotlar

Olimlar ham yirik til modellariga (LLM) faol murojaat qilmoqda. Ilmiy maqolalarning dastlabki versiyalari joylanadigan arXiv serverida har oy nashr etiladigan tadqiqotlar soni o‘nlab yillardan beri muttasil o‘sib kelayotgan edi. Biroq 2023 yil boshidan beri ularning rad etilish darajasi ikki baravardan ko‘proqqa oshdi. Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqotlardan birida 2025 yilda chop etilgan maqolalarning 57 foizida sunʼiy intellekt taʼsiri sezilgan iboralar borligi aniqlandi (2023 yilda bu ko‘rsatkich 12 foiz edi). SI vositalari tadqiqotchilarga o‘z g‘oyalarini tezroq yozish va ulashish imkonini beradi, ammo baʼzi olimlar bu holat jurnallarga topshirilayotgan sifatsiz yoki butunlay mantiqsiz maqolalar sonini keskin oshirib yuborishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

4. Dasturlash

Ayrim SI vositalari kod yozish uchun keng qo‘llanilmoqda. Masalan, “Vibe coding” usuli orqali dasturlash tillaridan umuman bexabar odam ham bugun ixtisoslashgan SI agentlari yordamida murakkab dasturiy taʼminot yaratishi mumkin. Apple‘ning iOS App Store do‘konida har oy chiqariladigan ilovalar soni 2025 yildan, yaʼni Claude Code va Codex kabi kodlash agentlari paydo bo‘lishi bilan bir vaqtda keskin ko‘paydi. Hozirda do‘konga har oy 100 000 dan ortiq ilova qo‘shilmoqda, o‘tgan yilning may oyida esa bu raqam 50 000 dan kam edi.

5. Musiqa sanoati

Bu yo‘nalish ham umumiy tendensiyadan ortda qolmayapti. Deezer striming xizmatining hisob-kitoblariga ko‘ra, har kuni 75 000 ga yaqin sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan qo‘shiqlar yuklanadi, bu 2025 yil yanvaridagi 10 000 tadan ancha ko‘p. SI musiqasi hozirda platformaga yuklangan barcha yangi treklarning naq 44 foizini tashkil etadi. Deezer o‘tkazgan so‘rovnomada qatnashchilarning 97 foizi sunʼiy intellekt va inson yaratgan musiqa o‘rtasidagi farqni ilg‘ay olmagan; baʼzi “sunʼiy trek”lar millionlab marta tinglanmoqda.

Yashirin o‘tkazilgan sinovlar (blind tests) odamlar ko‘pincha inson yozgan matndan ko‘ra sunʼiy intellekt yaratgan matnni afzal ko‘rishini aniqladi. Ammo ko‘pchilikdan sunʼiy intellekt kontenti haqida fikrini so‘rasangiz, ular inson mehnati mahsulini qadrlashlarini aytishadi. Masalan, Amazon‘da sunʼiy intellekt tomonidan yozilgan deb hisoblanuvchi kitoblarga nisbatan kamroq va salbiyroq sharhlar qoldirilmoqda.

Sifat bir chekkada tursin, miqdorning o‘zi ham katta muammo. Mustaqil ochilgan daʼvo ishlari sudlarni to‘ldirib yubormoqda; jurnallarga topshirilayotgan ilmiy ishlar sonining keskin oshishi esa taqrizlash (peer-review) tizimlariga og‘irlik qilmoqda.

Xo‘sh, siz sunʼiy intellekt yaratgan kontentni ajrata olaman, deb ishonch bilan ayta olasizmi? Va umuman olganda, siz uchun buning ahamiyati bormi?

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan