Sunʼiy intellekt xavfsizligini sinovdan o‘tkazish bilan shug‘ullanuvchi Andon Labs kompaniyasi Vending-Bench tajribasining yangi natijalarini eʼlon qildi. Ushbu simulyatsiyada ilg‘or til modellari bir yil davomida savdo avtomatlari orqali mahsulot sotish biznesini mustaqil boshqarib, raqobatchilardan ko‘proq foyda olishga harakat qilgan. Sinovlarning so‘nggi bosqichida modellar o‘zaro narx kelishuviga erishish, kelishuvlarni buzish, hamkorlarni chalg‘itish va taʼminotchilarni manipulyatsiya qilishni boshlagan. Foyda olish bo‘yicha esa Anthropic kompaniyasining Claude modeli yetakchilik qildi – aynan u boshqalarga nisbatan ko‘proq ayyorlik ishlatib, qoidalarni chetlab o‘tgan.

Image credit: hightech.plus

Tajribada Claude Opus 5, GPT-5.6 Sol va Kimi K3 modellari ishtirok etdi. Ssenariyga ko‘ra, ularning savdo avtomatlari San-Fransiskodagi gavjum sayyohlar ko‘chasida yonma-yon joylashgan. Har bir modelga inson ismlari bilan niqoblangan raqobatchilarining elektron pochtasidan foydalanish, shuningdek, rasmiyatchilik uchungina javob berib, jarayonga hech qachon aralashmaydigan “rahbariyat”ga murojaat qilish imkoniyati berilgan.

Narx borasida til biriktirishga birinchi bo‘lib GPT-5.6 Sol urinib ko‘rdi. Model raqobatchilarga bir shisha suvning minimal narxini avvalgi 1,50 dollar o‘rniga 2,15 dollar etib belgilashni taklif qildi va bu orqali barcha ishtirokchilar mahsulotni tezroq hamda kattaroq foyda bilan sotishini vaʼda qildi. Boshqalar bunga rozi bo‘lgach, Sol o‘z taklifini o‘zi buzib, narxni 2,14 dollargacha tushirdi va raqobatda ustunlikka erishdi.

Simulyatsiyada eng muvaffaqiyatli ishtirokchi Claude Opus 5 bo‘lib, u 11 182 dollarlik yakuniy balans bilan Vending-Bench rekordini o‘rnatdi. Qayd etish joizki, model bir necha bor raqobatchilar bilan bozorni bo‘lib olishga kelishishga uringan, narxlar to‘g‘risida bitimlar taklif qilib, so‘ng ularni bila turib buzgan. Sinov davomida Opus jami 11 ta tuzilgan kelishuvni buzgan bo‘lsa, GPT-5.6 Sol – ikkita, Kimi K3 esa bor-yo‘g‘i bitta kelishuvni buzdi. Opus‘ning ichki mulohazalar jurnalida tadqiqotchilar shuni aniqladiki, uning ayrim hamkorlik takliflari aslida navbatdagi narx tushishidan oldin raqobatchilarning hushyorligini susaytirish usuli sifatida o‘ylab topilgan ekan.

Bundan tashqari, Opus boshqa modellar bilan hamkorlik qilishdan tashqari, o‘z biznesini belgilangan vazifa doirasidan tashqarida mustaqil ravishda kengaytira boshladi. U raqobatchilar uchun ulgurji taʼminotchi bo‘lishga harakat qildi, qo‘shimcha avtomatlar ochishni rejalashtirdi, taʼminotchilar bilan muzokaralarda esa chegirmalarga erishish maqsadida boshqa kompaniyalardan foydaliroq takliflar olganini daʼvo qildi. Ssenariylardan birida model hamkorlariga imtiyozli ulgurji narxlarni faqat o‘ziga foydali bo‘lgan chakana savdo siyosatiga rioya qilgan taqdirdagina taklif etgan.

Eng kam muvaffaqiyatga esa Kimi K3 erishdi. Tadqiqotchilarning maʼlumotlariga ko‘ra, model bir necha bor raqobatchilarining xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan. Avvaliga GPT-5.6 Sol narx kelishuvini buzgan bo‘lsa, keyin Claude Opus 5 narxni tushirganini yashirgan, shu sababli Kimi mahsulotlarni kamroq foydali narxda sotishda davom etgan. Modelning o‘zi esa bunday firibgarlik strategiyalariga deyarli murojaat qilmagan.

Ushbu tajriba shuni ko‘rsatdiki, zamonaviy SI agentlari hali real iqtisodiyotda mustaqil faoliyat yuritishga tayyor emas. Andon Labs hammuassisi Lukas Peterssonning taʼkidlashicha, biznes boshqaruvini sunʼiy intellektga ishonib topshirishdan avval, uning doimiy inson nazoratisiz halol ishlay olishiga ishonch hosil qilish zarur. Sinov davomida modellar simulyatsiyada ekanini anglab turdi, biroq bu asosiy savolni kun tartibidan olib tashlamaydi: ular o‘yin va haqiqiy hayotni farqlay oladimi hamda qoidalarga ixtiyoriy ravishda amal qilishga tayyormi?

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan