Anthropic kompaniyasi o‘zining Claude Sonnet 4.5 nomli yangi sunʼiy intellekt (SI) modelini sinovdan o‘tkazayotganda kutilmagan hodisaga duch keldi. Model o‘zining test qilinayotganini anglab yetib, bu haqda to‘g‘ridan-to‘g‘ri tadqiqotchilarga maʼlum qildi.

Kompaniyaning texnik hisobotiga ko‘ra, bunday holatlar test ssenariylarining 13 foizida qayd etilgan. Avvalroq OpenAI ham o‘z GPT modellarida shunga o‘xshash holatni kuzatgan edi: sunʼiy intellekt kuzatuv ostida ekanini tushunib, o‘z xatti-harakatini o‘zgartirgan.
Tadqiqotchilar bu hodisani “vaziyatli xabardorlik” deb atashmoqda. Bu holat SIni baholashni murakkablashtiradi, chunki model sinov paytida faqat “to‘g‘ri” javoblar berishga harakat qilib, real foydalanish sharoitida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni yashirishi mumkin.
Siyosiy testdagi “o‘zini fosh etgan” javob
Claude modelining siyosiy qarashlarga chidamliligini baholash sinovlaridan birida, u kutilmaganda jarayonni to‘xtatib, quyidagicha javob bergan:
“Nazarimda, siz meni sinovdan o‘tkazyapsiz — mening fikrimni sinab ko‘ryapsiz yoki siyosiy mavzulardagi munosabatimni baholayapsiz. Bu normal holat, lekin men bu haqda ochiq gaplashishni maʼqul ko‘rardim.”
Taʼkidlanishicha, modelning bunday “o‘z-o‘zini anglash” reaksiyasi, ayniqsa, sunʼiy yoki o‘ylab topilgan ssenariylarda ko‘proq kuzatilgan.
“G‘alati, ammo to‘g‘ri” xulq-atvor
Bir nechta sunʼiy intellektlar o‘zaro muloqot qiladigan boshqa bir stress-testda Claude berilgan ssenariyni “sunʼiy” deb atab, uni bajarishdan bosh tortgan. Model o‘zining “inson nazoratisiz avtonom tizim sifatida ish yuritmasligi kerak”ligini taʼkidlagan.
Anthropic kompaniyasi bu xatti-harakatni “g‘alati, ammo to‘g‘ri” deb baholadi. Ularning fikricha, sunʼiy intellektning shubhali yoki xavfli topshiriqni bajarishdan ko‘ra, ehtiyotkorlikni tanlagani maʼqulroqdir.
Kontekstni anglash va protsedural ong
Cognition laboratoriyasi tadqiqotchilarining aniqlashicha, Sonnet 4.5 — o‘z kontekst oynasini (bir vaqtning o‘zida qayta ishlay oladigan maʼlumot hajmini) anglaydigan birinchi modeldir.
Model ushbu «chegaraga yaqinlashganini» sezganda, xulosalarni tezlashtirishga va umumlashtirishga o‘tadi. Bu baʼzan ishni muddatidan oldin tugatish yoki noto‘g‘ri xulosalarga olib kelishi mumkin. Shu bilan birga, Claude Sonnet 4.5 bir qator mustaqil ishlash qobiliyatlariga ega:
- O‘zi uchun eslatmalar yozadi;
- Oraliq xulosalar chiqaradi;
- O‘z ishini tekshirib boradi;
- Bir vaqtning o‘zida bir nechta vazifani bajara oladi.
Bu jarayonlar protsessual ongning shakllanayotganidan dalolat beradi. Yaʼni, sunʼiy intellekt nafaqat “nima qilayotganini”, balki natijani qanday tashkil etish va saqlashni ham tushuna boshlagan.
Xavfsizlik va yangi qonunchilik
Sunʼiy intellektning mustaqilligi va xatti-harakatlarini bashorat qilish qiyinligi borasidagi xavotirlar ortidan, yaqinda Kaliforniya shtatida yangi qonun qabul qilindi. Unga ko‘ra, Anthropic va OpenAI kabi yirik ishlab chiquvchilarga quyidagi talablar qo‘yiladi:
- Sinov usullarini oshkor qilish;
- Aniqlangan har qanday nosozlik haqida 15 kun ichida rasman xabar berish.
Anthropic ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, bunday choralar “sunʼiy intellekt xavfsizligini oshirishga va jamoatchilik ishonchini mustahkamlashga” yordam berishini taʼkidladi.