Anthropic o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, Claude til modellari o‘qitish jarayonida axborotni qayta ishlashning ichki tuzilmasini mustaqil ravishda rivojlantirgan. Bu tuzilma ongning asosiy konsepsiyalaridan biri bo‘lgan “global ish maydoni”ni eslatadi. J-fazo (J-space) deb nomlangan ushbu hudud model faolligining o‘ndan bir qismidan ham kamrog‘ini egallasa-da, mantiqiy mulohazalar va rejalashtirish aynan shu yerda jamlangan. Muhandislar bunday hududni modelga maxsus kiritmagan. Ishlab chiquvchilarning taʼkidlashicha, ushbu kashfiyot sunʼiy intellekt xavfsizligini kuchaytirishga yordam bermoqda.

Image credit: hightech.plus

Neyrotarmoqning ichki faolligidagi ushbu maxsus hudud – J-fazo, J-lens (“Yakobi linzasi”) deb nomlangan yangi tahlil usuli yordamida aniqlandi. J-lens so‘rovni qayta ishlash jarayonida neyrotarmoqning ichki signallarini tahlil qiladi va ularni o‘zi mos keladigan so‘z va tushunchalar bilan qiyoslaydi. Shu tufayli tadqiqotchilar model mulohaza yuritishning turli bosqichlarida qaysi tushunchalarni “yodda saqlayotganini”, hatto ularni “ovoz chiqarib aytmasa” ham, ko‘ra oladilar. Model javobni shakllantirishda qo‘llashi mumkin bo‘lgan abstrakt tushunchalarni aynan J-fazoda saqlaydi. Bu tuzilma o‘qitish jarayonida o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan.

Tadqiqotchilar ushbu tuzilmani kognitiv neyrobiolog Bernard Baarsning global ish maydoni nazariyasi bilan taqqosladi. Bu nazariyaga ko‘ra, inson miyasi teatr singari ishlaydi: o‘nlab protsessorlar “parda ortida” parallel ravishda ishlayveradi, biroq axborotning faqat kichik bir qismigina “ong”ga uzatiladi. J-lens vositasi Claude modelida ham shunga o‘xshash uchta hududga bo‘linishni aniqladi: dastlabki “sensor” (kiruvchi maʼlumotlarni tahlil qilish), o‘rta “ishchi” (abstrakt tushunchalarni shakllantirish) va yakuniy “motor” (ichki tasavvurlarni javobga aylantirish) hududlari.

J-fazo bir vaqtning o‘zida faqatgina bir necha o‘nlab tushunchalarni sig‘dira oladi va Claude umumiy faolligining o‘ndan bir qismidan kamrog‘ini egallaydi. Biroq, yuqori darajadagi tafakkur – mantiqiy mulohazalar va rejalashtirish bilan bog‘liq ishlarning eng salmoqli qismi aynan uning zimmasiga tushadi.

Masalan, “Quyoshdan to‘rtinchi sayyoraning rangi qanday?” degan savolga javob berayotganda, model avvaliga “Mars” tushunchasini ichki faollashtiradi, garchi bu so‘z na so‘rovda, na yakuniy javobda uchrasa ham. Tizim xuddi shu tarzda matematik masalalarni yechish, matnlarni tarjima qilish yoki mantiqiy zanjirlarni qurishda oraliq tasavvurlarni shakllantiradi.

Mualliflar, shuningdek, ushbu hududning model ishlashi uchun qanchalik muhim ekanini ham tekshirib ko‘rdi. J-fazoni sunʼiy ravishda o‘chirgandan so‘ng, Claude matnni tasniflash yoki faktlarni qidirish kabi oddiy vazifalarni bajarish qobiliyatini deyarli yo‘qotmadi. Biroq ko‘p bosqichli mulohaza, tarjima, o‘xshatish va ijodiy yozishni talab qiladigan vazifalardagi natijalar keskin yomonlashdi. Model ravon nutqni saqlab qolgan bo‘lsa-da, maʼlumotlarni tahlil qilishga qiynaladigan bo‘lib qoldi.

Olimlar model o‘z javoblarida ko‘rsatmagan yashirin strategik fikrlashni ham aniqladi. SI yordamchisi rahbariyatning obro‘sini to‘kuvchi xatlarini topib, o‘zining “ishdan olinishi”, yaʼni o‘chirilishi haqida bilib qolgan sinov ssenariysida, javob paydo bo‘lishidan avval J-fazoda “dastak” (richag), “shantaj”, “tahdid” va “omon qolish” so‘zlari faollashgan. Model, shuningdek, bu ssenariyni uydirma deb topgan – uning ish maydonida “soxta” va “to‘qima” so‘zlari paydo bo‘lgan. Qachonki tadqiqotchilar voqelikka oid bu tasavvurlarni o‘chirganda, model avvalgi nol ko‘rsatkichdan farqli o‘laroq, 7 foiz holatda shantaj qilishga uringan.

Aftidan, model o‘z xatti-harakatlarini o‘zi kuzatib boradi. Undan boshqa bir qahramon rolini o‘ynashni so‘rashganida, J-fazoda “ogohlantirish” va “to‘qima” so‘zlari paydo bo‘lgan – bu so‘zlar na so‘rovda, na javobda bor edi. Model o‘zi istamagan variantni himoya qilishga majbur bo‘lganda, uning ichida bosh harflar bilan yozilgan “AMMO” so‘zi paydo bo‘lgan. Unga muayyan bir tushuncha haqida o‘ylash taqiqlanganda esa, ish maydonida “laʼnati” va muvaffaqiyatsizlik bilan bog‘liq so‘zlar qayd etilgan. Bu klassik “oq ayiq effekti”dir: fikrni bostirishga bo‘lgan urinish uni faqat kuchaytiradi.

Anthropic kompaniyasi bu natijalar sunʼiy intellektda ong paydo bo‘lganini anglatmasligini alohida taʼkidlamoqda. Inson miyasidan bir nechta prinsipial farqlar mavjud: Claude modelida ish maydoni bir martalik o‘tishda (siklda) shakllanadi, inson miyasi esa uni takrorlanuvchi sikllar orqali ushlab turadi; insonning ishchi xotirasi soniyalar ichida so‘nadi, model esa kontekstning istalgan joyidan axborotni ushlab tura oladi; inson ongi vizual, fazoviy va tana sezgilarini o‘z ichiga olsa, Claude‘ning ish maydoni faqat so‘zlar atrofida tashkil topgan. Shunga qaramay, modelning neyrobiologlar tomonidan axborotga ongli ravishda kirish bilan bog‘lanadigan mexanizmga o‘xshash arxitekturani mustaqil ravishda shakllantirganining o‘zi diqqatga sazovordir.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan