Britaniya hukumati OpenAI bilan ChatGPT‘ning premium versiyasini mamlakat miqyosida joriy etishni muhokama qilmoqda
Buyuk Britaniya sunʼiy intellekt sohasida keskin qadam tashlashi mumkin. OpenAI rahbari Sem Altman va Britaniya texnologiya vaziri Piter Kayl San-Fransiskoda mamlakat uchun ChatGPT‘ning premium versiyasini joriy etish imkoniyatini muhokama qildi. Manbalarga ko‘ra, taklif qilingan shartnoma qiymati taxminan 2 milliard funt sterlingni tashkil qilishi mumkin.

Davlat xizmatlari va taʼlim uchun yangi qadam
Muzokaralar Britaniya hukumatining davlat xizmatlari, taʼlim, mudofaa va adliya tizimida sunʼiy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish yo‘lidagi harakatlari doirasida olib borilmoqda. Vazir Piter Kayl shaxsan o‘zi ham ChatGPT‘dan ommaviy nutqlarga tayyorgarlikda foydalanishini va chat-botni “murakkab masalalar uchun ajoyib murabbiy” deb hisoblashini taʼkidlagan.
Bu yil iyul oyida Britaniya OpenAI bilan hamkorlik memorandumini imzolagani maʼlum. Hujjatda davlat xizmatlari va infratuzilmalarda sunʼiy intellektdan kengroq foydalanish ko‘zda tutilgan.
Tanqid va xavotirlar
Biroq hukumat rejalari bir qator savollarni keltirib chiqardi. ChatGPT kabi generativ sunʼiy intellekt vositalari matn, rasm, video va musiqa yaratishi mumkin. Bu esa mualliflik huquqiga rioya qilish va maʼlumotlarning aniqligi haqida bahslarni kuchaytirmoqda.
Britaniyada qonunga kiritilishi kutilgan o‘zgarishlar kompaniyalarga himoyalangan materiallardan egalarining ruxsatisiz sunʼiy intellekt modellarini o‘qitish imkoniyatini berishi mumkin. Bu qaror Elton Jon va Tom Stoppard kabi mashhur sanʼatkorlar tomonidan qoralandi. Ularga ko‘ra, hukumat yondashuvi yirik texnologik kompaniyalarga ustuvorlik berib, kichik ijodkorlarga zarar yetkazishi mumkin.
Hukumat esa bu ayblovlarni rad etmoqda. Fan va texnologiyalar vazirligi hozircha fuqarolarga ChatGPT Plus‘ni ommaviy taqdim etish bo‘yicha rasmiy taklif yo‘qligini, ammo sunʼiy intellekt xavfsizligini baholash va infratuzilmaga sarmoya kiritish yo‘llari o‘rganilayotganini maʼlum qildi.
Britaniya va xalqaro sunʼiy intellekt poygasi
Buyuk Britaniya hozirgi paytda ChatGPT‘dan foydalanuvchi yirik bozorlar qatoriga kiradi. Millionlab foydalanuvchilar har kuni uning bepul versiyasidan foydalanmoqda, ChatGPT Plus obunasi esa oyiga 20 dollar turadi.
OpenAI so‘nggi oylarda bir nechta davlatlar bilan ham muzokaralar olib bordi. Xususan, Birlashgan Arab Amirliklari bilan transport, taʼlim va sog‘liqni saqlash sohalarida ChatGPT‘ni joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Britaniya esa bir vaqtning o‘zida Google va Anthropic kabi raqobatchilar bilan ham shartnomalar tuzib, AQSHdan sunʼiy intellekt sohasiga investitsiyalarni jalb qilishga intilayapti.
Mamlakat hukumati hali rasmiy qaror qabul qilmagan bo‘lsa-da, bu muzokaralar Britaniyaning sunʼiy intellektni strategik yo‘nalish sifatida ko‘rayotganini anglatadi. Piter Kaylning taʼkidlashicha, sunʼiy intellekt “global taʼsirning asosiy omiliga” aylanadi va Britaniya uning oldingi saflarida bo‘lishi shart.