Google o‘zining generativ sunʼiy intellekt mahsulotlarini qamrab olish uchun xato va zaifliklarni topish bo‘yicha mukofot dasturini (bug bounty) kengaytirdi. Kompaniya tadqiqotchilarga sunʼiy intellektdan maqsadli foydalanishning jiddiy holatlarini aniqlaganlik uchun 20 000 dollargacha mukofot to‘lashga tayyor.

Bu shunchaki “gallyutsinatsiyalar” (modelning to‘qima maʼlumot berishi) emas, balki ruxsat etilmagan amallarni bajarish yoki himoyalangan maʼlumotlarni oshkor qilish kabi holatlardir.
Google uchun ustuvor yo‘nalishlar qatoriga quyidagilar kiradi:
- Modelning buyruqlarni bajarishi;
- Foydalanuvchi hisob maʼlumotlarini o‘zgartirishi;
- Fishing va boshqa turdagi hujumlarni amalga oshirishga yordam berishi.
Ayniqsa, original va yuqori sifatli hisobotlar uchun mukofot miqdori qo‘shimcha koeffitsiyentlar hisobiga 30 000 dollargacha oshirilishi mumkin.
Nimalar mukofotlanmaydi?
Shuni taʼkidlash joizki, modelning shunchaki “gallyutsinatsiya”ga yo‘l qo‘yganini (noto‘g‘ri yoki to‘qima maʼlumot berganini) ko‘rsatish yuqori mukofot uchun asos bo‘lmaydi. Nomaqbul mazmundagi javoblar haqidagi shikoyatlarni mahsulotning standart aloqa kanali orqali yuborish tavsiya etiladi, chunki bu muammolar zaiflik emas, balki javob sifatiga tegishlidir.
Dasturning maqsadi
Ushbu yangi tashabbus mavjud «bug bounty» dasturlarini birlashtirib, sunʼiy intellekt xavfsizligiga oid vositalar bilan to‘ldirildi. Bu orqali Google maʼlumotlarning o‘g‘irlanishi, fishing va avtomatlashtirilgan hujumlar xavfini kamaytirishni maqsad qilgan.
Xavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar allaqachon Gemini ekotizimasidagi zaifliklarni aniqlashmoqda, bu esa Google‘dan tezkor choralar ko‘rishni talab qilmoqda. Kompaniya “shov-shuvli” namoyishlardan ko‘ra, tizimli muammolarni aniqlaydigan sifatli tadqiqotlarni rag‘batlantirishni maqsad qilgan. Shunday qilib, tadqiqotchilar uchun bu haqiqiy topilmalar evaziga jiddiy mukofot olish uchun ajoyib imkoniyatdir.