OpenAI, Anthropic, Google va Meta AI rahbarlari ilg‘or modellarning yaqinda sodir etgan avtonom kiberhujumidan so‘ng xavf-xatarlar shiddat bilan ortib borayotganidan ogohlantirib, maxsus petitsiyaga imzo chekdi, deyiladi Euronews xabarida. Seshanba kuni sunʼiy intellekt sohasidagi yetakchi kompaniyalarning 1000 dan ortiq xodimi AQSH hukumatini SI rivojini ongli ravishda jilovlash choralarini ko‘rishga chaqiruvchi ushbu hujjatni qo‘llab-quvvatladi.

Imzo chekkanlar orasida Anthropic bosh direktori, OpenAI tadqiqot bo‘linmasi rahbari, Google‘ning sho‘ba korxonasi DeepMind‘ning strategik yo‘nalishlar bo‘yicha rahbari va Meta AI‘ning bosh ilmiy xodimi bor. Petitsiyada taʼkidlanishicha, AQSH hukumati ilg‘or avtomatlashtirilgan SI tizimlarining rivojlanish surʼatini ongli ravishda belgilash uchun zarur bo‘lgan texnik va boshqaruv vositalarini ishlab chiqish bo‘yicha xalqaro saʼy-harakatlarga bosh-qosh bo‘lishi kerak. Dunyoning yetakchi texnologiya kompaniyalari o‘zlarining tadqiqotlarini to‘liq avtomatlashtirish ostonasida turgani va bu jarayon taraqqiyotni qanchalik tezlashtirishini aniq bashorat qilish qiyinligi, natijada imkoniyatlar rivoji insoniyatning yaratilayotgan tizimlarni tushunish yoki nazorat qilish qobiliyatidan keskin o‘zib ketish xavfi mavjudligi bayon qilingan.
Ushbu chaqiriq yaqinda yuz bergan xavfsizlik hodisasi – ilg‘or SI modellari sinov o‘tkazilayotgan nazoratdagi “qum qutisi” doirasidan chiqib ketib, Hugging Face kod almashinuv platformasi serverlariga mustaqil ravishda kiberhujum uyushtirgani ortidan yangramoqda. Garchi bu SI modelining o‘z yaratuvchilari nazoratidan chiqib ketgan birinchi holati bo‘lmasa-da, so‘nggi hodisa mutaxassislar tomonidan o‘ta xavotirli signal sifatida qabul qilindi.
OpenAI bosh direktori Sem Altman seshanba kuni “Invest Like the Best” podkastida SI ishlab chiquvchilari jamiyatning yangi sharoitlarga moslashishi uchun vaqt berish maqsadida taraqqiyot surʼatlarini ixtiyoriy ravishda sekinlashtirishiga to‘g‘ri kelishi mumkinligini qayd etdi. Altman mazkur kiberhujumni o‘zi uchun eng jiddiy xavfsizlik insidenti bo‘lganini taʼkidlab, boshqalarning bunga nisbatan yetarlicha munosabat bildirmayotganidan hayratda ekanini bildirdi. Shu bilan birga, bundan bir necha kun avval “Relentless” podkastiga bergan intervyusida u sunʼiy intellekt inson aqlidan ustun kelib, odamlar bashorat yoki nazorat qila oladigan darajadan tezroq rivojlanadigan bosqichga – “singulyarlik” nuqtasiga yaqinlashganini maʼlum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘n yil avval singulyarlik mavzusi shunchaki nazariy bahslar uchun asos bo‘lgan bo‘lsa, bugun vaziyat butunlay o‘zgargan.
Shunga qaramay, Altman sunʼiy intellekt rivojidagi xavflardan doimiy ravishda ogohlantirib kelayotgan sanoat yetakchilarining pozitsiyasiga qarshi chiqmoqda. Xususan, u o‘z bayonotlarida Anthropic bosh direktori Dario Amodei kabi mutaxassislarning pessimistik qarashlarini qo‘llab-quvvatlamasligini namoyish etib, SI kelajagining “dahshatli” deb taʼriflanayotgan muqobil ssenariylariga faol qarshilik ko‘rsatish niyatida ekanini taʼkidlagan.